Mahalliy

O‘zbekiston va Belarus hududlararo hamkorligi yangi bosqichga chiqadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Qayd etilishicha, 8–9 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan tashrif doirasida o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish hamda mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, yog‘ochni qayta ishlash va tibbiyot...

O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik yangi bosqichga o‘tadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda aytilishicha, 8–9 iyul kunlari o‘tkazilgan tashrif doirasida o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish, shuningdek, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, yog‘ochni qayta ishlash va tibbiyot sohalarida umumiy qiymati 2 milliard dollarlik 310 ta loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Davlat rahbari ushbu kelishuvlarni tezda amaliy natijaga aylantirish, yangi korxonalar va ish o‘rinlari yaratish, shuningdek, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar taqdim etish muhimligini ta’kidladi.

Taqdimotda Andijon viloyati va Belarusning Vitebsk viloyati o‘rtasidagi hamkorlik natijalariga alohida e’tibor qaratildi. Hozirga qadar 255 nafar andijonlik tashkiliy asosda Vitebsk viloyatiga ishga jo‘natilgan. Shuningdek, 11 ta chorvachilik majmuasi asosida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Umuman olganda, Vitebsk va Belarusning boshqa hududlarida chorvachilik, yog‘ochni qayta ishlash, logistika, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida qiymati 100 million dollardan ortiq 30 ta yangi loyiha shakllantirilgan.

Prezident Andijon–Vitebsk hamkorlik modelini boshqa hududlarda ham joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunga ko‘ra, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari Belarusning turli viloyatlariga biriktirilib, har bir hudud uchun alohida «yo‘l xaritalari» ishlab chiqiladi.

Shuningdek, har bir hududdan 30 nafardan yetakchi tadbirkor Belarusga olib borilib, mahalliy sheriklar bilan qo‘shma loyihalarni boshlash vazifasi qo‘yildi.

Logistika sohasida ham yangi tashabbuslar ilgari surildi. Yil yakuniga qadar Orsha stansiyasida eksport-import yuklari uchun intermodal logistika markazini ishga tushirish, shuningdek, ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri blok-poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Fuqarolarni ish bilan ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi. Dastlabki bosqichda Belarusdagi 13 ta korxonaga 1 100 nafar o‘zbekistonlik ishga joylashtiriladi. Sentyabrdan boshlab har oy 500 nafardan, jami 5 ming nafar andijonlik Vitebsk viloyatida doimiy ish bilan ta’minlanadi. Bu maqsadda Vitebsk shahrida Migratsiya agentligi vakolatxonasi ochiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev har bir kelishuv aniq loyiha, yangi ishlab chiqarish, qo‘shimcha savdo hajmi va munosib ish o‘rinlarida o‘z ifodasini topishi lozimligini ta’kidlab, mutasaddilarga barcha «yo‘l xaritalari» ijrosini doimiy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

o‘zbekistoninvestitsiyalogistikashavkat mirziyoyevbelarushamkorliksavdoish o‘rinlari