O‘zbekistonda endi taqiq yoki xatlovdagi uyda ro‘yxatdan o‘tish mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda endi taqiq yoki xatlov ostidagi uyda ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni “Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish va fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Qarorga muvofiq, ko‘chmas mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda mulkdor belgilangan muddat ichida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga murojaat qilmasa, unga nisbatan ma’muriy javobgarlik qo‘llanilmaydi. Buning o‘rniga, kechikish muddatidan kelib chiqib, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun oshirilgan to‘lov undiriladi.
Shuningdek, agar turar joy meros yoki yaqin qarindoshdan hadya tariqasida olingan bo‘lsa, uni sotishdan olingan daromadni soliqqa tortmaslik uchun belgilangan muddat endilikda vasiyat qiluvchi yoki hadya qiluvchining ushbu uy-joyga bo‘lgan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanasidan boshlab hisoblanadi.
Bundan tashqari, taqiq yoki xatlov qo‘yilgan turar joyda garovga oluvchining roziligisiz yashash va doimiy ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat beriladi. Bunda ro‘yxatdan o‘tish jarayonida shaxs kelgusida mulkdor, garovga oluvchi yoki tegishli davlat organi murojaati asosida uning ro‘yxatdan o‘tganligi bekor qilinishiga oldindan rozilik berishi shart.
2026-yil may oyida O‘zbekistonda fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan o‘tkazilganligini bekor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan edi.
Bir nechta uy yoki kvartiraga ega bo‘lgan turar joy mulkdori ulardan faqat bittasiga yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi. 18 yoshga to‘lmagan fuqaro ota-onasi yoki ulardan biri yoki vasiysi (homiysi) ro‘yxatdan o‘tkazilgan manzilda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

