Sport

«Real» o‘z tarixidagi eng qimmat xaridni amalga oshirdi

Madridliklar 19 yoshli Diomande uchun kosmik darajadagi summa sarflamoqda. Bu futbolchi haqida nimalar ma’lum va u kutilmalarni oqlaydimi?

**«Real» o‘z tarixidagi eng qimmat transferni amalga oshirdi**

So‘nggi ikki mavsumda sovrinsiz qolgan «Real» bu yozda transfer bozorida eng faol klublardan biriga aylandi. Mark Kukurelya, Ibraima Konate, Denzel Dumfris, Bernardu Silva kabi nomlar qatoriga endi Yan Diomande ham qo‘shildi.

**Top-klublar raqobati va rekord transfer**

Kutilganidek, «Real» 19 yoshli ivuarlik vinger Yan Diomandening transferini rasman e’lon qildi. Bu kelishuv Madrid klubi tarixidagi eng qimmatbaho xarid bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, «Real» «Leypsig»ga futbolchi uchun 125 million yevro to‘laydi, shuningdek, yana 15 million yevro bonuslar ko‘rinishida berilishi ko‘zda tutilgan. Bu Krishtianu Ronaldu, Garet Beyl, Eden Azar va Jud Bellinghemdan ham qimmatroq transfer hisoblanadi.

Bu yozda Diomande uchun bir nechta top-klublar kurash olib bordi. «Leypsig» narx borasida oxirigacha yon bermadi va muzokaralardan maksimal foyda bilan chiqdi. Jahon chempionatidan oldinroq Diomandening nomi Saloh o‘rniga yangi vinger qidirayotgan «Liverpul» bilan bog‘langan edi. Keyinchalik «Arsenal» va «Manchester Siti» ham unga jiddiy qiziqish bildirdi. Ammo ivuarlik futbolchiga Angliyada o‘ynash varianti ma’qul kelmadi va u «PSJ» taklifini afzal ko‘rdi. Insayderlar uning parijliklar safiga o‘tish jarayoni yakuniy bosqichda ekanligini xabar qilishgan edi, biroq kutilmaganda poygaga «Real» ham qo‘shildi va yakunda uni qo‘lga kiritdi.

Bozor qizidi, «Leypsig» esa narxni oshirishda davom etdi. Natijada «PSJ» muzokaralarni tark etib, buni oqilona moliyaviy boshqaruv va tarkib muvozanatini saqlash tamoyillari bilan izohladi. Shundan so‘ng faqat «Real» qoldi va insayder Fabritsio Romano o‘zining mashhur «Here we go» iborasini qo‘lladi, ammo transfer kechikdi va faqat bir haftadan ko‘proq vaqt o‘tib rasmiy e’lon berildi.

**Transfer nega cho‘zildi?**

Romanoning tasdig‘idan rasmiy e’longacha o‘n kun o‘tdi. AS nashri ma’lumotiga ko‘ra, bunga futbolchining sobiq agentlik firmasi, Maks Gradel (ivuarlik sobiq futbolchi) tomonidan boshqariladigan Maxidel Management hamda uning hozirgi vakillari hisoblangan Roc Nation o‘rtasidagi nizo sabab bo‘lgan.

Maxidel kompaniyasi Diomande o‘zaro kelishuvni noqonuniy tarzda bir tomonlama bekor qilganini iddao qildi. Agentlik FIFAga shikoyat qilib, futbolchining boshqa firma oldida majburiyatlari borligiga qaramay, «Real» muzokaralarni Roc Nation bilan olib borganini qayd etgan.

Shu bilan birga, bu transfer kechikishining yagona sababi emas. «Leypsig» boshqaruvchi direktori Marsel Shefer bir necha kun oldin agentlik mojarosi kelishuvni barbod qila olmasligi, klublar esa hozircha yakuniy kelishuvga erisha olmaganini aytib chiqqan edi. Aftidan, transfer rasmiylashtirilishini futbolchining vakillari o‘rtasidagi bahs bilan bir qatorda «Real» va «Leypsig» o‘rtasidagi savdolashuv ham to‘xtatib turgan.

Nima bo‘lganda ham yakunda kelishuv amalga oshdi va Diomande «Real»ning transfer rekordini yangilab (bungacha Jud Bellinghem 2023-yilda 103 million yevro va 20-30 mln atrofida bonuslar), jahonning eng qimmatbaho futbolchilari safiga kirdi. Agar bonuslar to‘liq to‘lanadigan bo‘lsa, madridliklar nemislarga jami 140 million yevro beradi, bu esa ivuarlik futbolchini eng qimmatbaho besh futbolchidan biriga aylantiradi (undan oldinda faqat Neymar, Mbappe, Dembele va Isak bor).

Sky Germany ma’lumotiga ko‘ra, 15 million yevrolik bonusdan 10 millioni oson qo‘lga kiritiladigan pullardir, qolgan qismi to‘lanishi uchun esa biroz qat’iyroq shartlar qo‘yilgan. Lekin yakuniy narx 135 million yevroni tashkil etsa ham, ivuarlik futbolchi top-8 transfer ichida bo‘ladi.

**Futbolchining profili**

Diomande har ikki qanotda ham xavf tug‘dira olishi bilan ajralib turadi. Uning asosiy oyog‘i o‘ng oyoq, faoliyatini chap qanot vingeri sifatida boshlagan va ko‘pincha qanotdan markazga ko‘chib o‘ynagan. Ammo o‘tgan mavsumda u o‘yin vaqtining 61 foiz qismini o‘ng qanotda o‘tkazdi va faqat 27 foiz holatda qarama-qarshi qanotda harakatlandi.

Shuning uchun ivuarlik futbolchi «Real»da qolgan Vinisius bilan chap qanot uchun raqobat qilishiga to‘g‘ri kelmaydi. Diomandeni aynan o‘ng qanot uchun sotib olishdi, Mourinio davridagi asosiy sxema esa, katta ehtimol bilan, 4-2-3-1 ko‘rinishida bo‘ladi.

Yangi futbolchi «Real»ga yanada kuchliroq bo‘lishda yordam beradimi? Bu bahsli masala. Futbolchining salohiyati va iste’dodiga shubha yo‘q. U yosh, kuchli va a’lo darajadagi driblingga ega bo‘lgan, har ikki oyoqda birdek harakatlanuvchi vinger. StatMuse ma’lumotiga ko‘ra, Germaniya chempionatining o‘tgan mavsumida Diomande 115 marta muvaffaqiyatli aldab o‘tishni amalga oshirgan – Bundesligadagi boshqa biror futbolchi hatto 70 talik nuqtaga ham yeta olmagan. Kuchli beshlik ligalarida esa undan yuqoriroq natijani faqat Lamin Yamal qayd etgan.

Germaniya chempionatida Yan 33 o‘yinda maydonga tushib, 12 gol urgan va 9 golga uzatma bergan. Bu yaxshi raqamlar, ammo fenomenal ko‘rsatkich emas. Shu bilan birga, u o‘z vaziyatlaridan foydalanish bo‘yicha juda yaxshi natijaga erishgan: xG 7 ga teng bo‘lgan holda 12 ta gol urgan. Ammo vaziyatlarning bir qismida unga omad kulib boqqanini ham hisobga olish kerak, omadi kelmaganida esa sermahsullik pasayishi mumkin.

**Kutilmagan ko‘tarilish**

«Leypsig»dan oldingi klubi «Leganes»da Yan atigi 10 ta o‘yin o‘tkazgan va uning professional faoliyati hozircha faqat to‘liq bo‘lmagan bir yarim mavsumdan iborat.

Lekin nemis klubiga kelishi bilan u barchada katta taassurot qoldira boshlaydi. O‘tgan yil yozida Shveytsariyada o‘tkazilgan yig‘in u yangi mavsumni boshlang‘ich tarkibda boshlashi uchun yetarli bo‘ladi. U «Ayntraxt» bilan o‘yinda het-trik qayd etadi va Bild nashri tomonidan «1» ballga (eng yuqori baho) loyiq ko‘riladi. Mavsum yakuniga kelib esa uni Bundesliganing eng yaxshi debyutanti sifatida tan olishadi.

Holbuki uni o‘z vaqtida «Chelsi», «Kristal Pelas», «Bornmut», «Reynjyers», «Olimpiakos» va hatto MLS klublari o‘rinbosarlari tarkibiga ham qabul qilishmagandi.

Diomandening hikoya qilishicha, Londonda «Pelas» bazasida o‘tgan ko‘rikdan keyin uning oldiga Olise va Eberechi Eze kelishgan va «Yigitcha, sen chindan yaxshi o‘ynarkansan» deyishgan. Ammo o‘shanda inglizlar klubidan taklif bo‘lmaydi, viza muddati tugaydi va Yan yig‘lagancha Afrikaga qaytadi. Umuman, uning bolaligi o‘ta og‘ir kechgan.

«Biz boshqa bolalar bilan qishloqqa kartoshka o‘g‘irlashga borardik, chunki juda och edik. Biz «bankni tunash»ni ham uyushtirgandik. Ikki bola do‘kon egasini chalg‘itib turgan, qolgan 18 bola esa ikkitadan kartoshka ko‘tarib qochgan. Kartoshkalar yangi ham emasdi. Ammo biz uchun ular ajoyib ta’mga ega edi. Ha-ha! Bu hali ham mening sevimli taomim. Sariyog‘ qo‘shilgan qaynatilgan kartoshka. U menga o‘sha davrlarni eslatadi. Birinchi haqiqiy futbol butsamni olganimda, uni kiyib uxlaganman. Bolaligimda har doim oq plastik sandallarda o‘ynardim. Hozir ham uyga qaytganimda ularda o‘ynayman. Bu an’ana».

Boshqalar Diomandening kelajagiga shubha bilan qaraganida singlisi Roksan unga eng ko‘p ishonch bildirgandi. Yan professional darajada debyut qilganidan (La Ligada «Real»ga qarshi o‘yinda) bir necha hafta o‘tib u vafot etgan. O‘shanda ziyofatda Roksananing kokteyliga nimadir qo‘shib qo‘yilgan va u shundan keyin hushini yo‘qotgan. U doim akasi kelgusida buyuk futbolchiga aylanishini aytib kelardi.

«Men sen haqligingni isbotlayman yoki buni isbotlash uchun jonimni fido qilaman», – deya The Players Tribune uchun maktubini yakunlagandi Diomande.

**Endi barchasi Mourinioning qo‘lida**

Uning iste’dodiga endi boshqalarda ham shubha yo‘q, ammo gap faqat bunda emas. «Real» hujum chizig‘ida hozircha bir-biriga moslasha olmayotgan ikki superyulduz bor va ular himoyalanishda deyarli qatnashmaydi. Aynan shuning uchun oldingi mavsumlarda madridliklar to‘psiz holatda Mbappe va Vinisiusni oldinda qoldirib, 4-4-2 sxemasida harakatlanishgan. Hujumchilar ortida to‘rt nafar yarimhimoyachi joylashib, ular uchun ham katta hajmdagi ishni bajarishgan.

Diomandeni dangasa deb bo‘lmaydi. Katta ehtimol bilan, to‘psiz holatda u o‘ng qanotni yopishi talab etiladi, u bu qanotda murabbiy tanloviga qarab yoki Trent Aleksandr-Arnold, yoki Denzel Dyumfris bilan sherik bo‘ladi. Ularning ikkisi ham hujumkor qanot himoyachilari bo‘lib, himoyalanishdagi sifatlari bilan maqtana olishmaydi. Federiko Valverde bu zonaga yordamga kelishi mumkin, ammo bu holda u tashlab kelgan pozitsiyani kimdir yopishiga to‘g‘ri keladi. Bu futbolchilarning barchasini qanday joylashtirish va shu bilan birga tuzilmani buzmaslik – Mourinio uchun katta savol.

Har ikki oyog‘ida birdek o‘ynay olishi Diomandega hujumda qanot himoyachilari bilan o‘zaro munosabatlarda qo‘l keladi. Trent bilan birga tushganida u o‘ng qanotda kenglikni ta’minlashi mumkin, ingliz himoyachisi bu holda vaziyatlar yaratish uchun markazroqqa ko‘chadi. Dyumfris bilan juftlikda Yanning o‘zi insayd rolini bajarishga o‘tadi va qanotni sherigiga qoldiradi.

Klubda doim o‘ng qanotda futbolchilar yetarli bo‘lgan, lekin ijrochilar doimo o‘zgarib turardi. Amalda, jamoada uzoq vaqtdan beri birinchi marta ushbu pozitsiyaga ixtisoslashgan futbolchi paydo bo‘lmoqda. Bir muddat asli chap qanot vingeri hisoblangan Rodrigo o‘ng qanotda o‘ynashga majbur bo‘ldi. Bu esa ushbu braziliyalik o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon etishiga imkon bermadi. Qolaversa, u so‘nggi vaqtlarda jarohatga moyil bo‘lib qoldi va hozir ham xochsimon bog‘lami uzilishidan keyin tiklangani yo‘q.

O‘tgan yozda Argentinadan olib kelingan Mastantuono esa ishonchni oqlamadi va bu yozda «Fiorentina»ga ijaraga berildi. Valverde bu pozitsiyada ham o‘ynay oladi, ammo bu uning asosiy ampluasi emasligi bilinib qoladi. Murabbiylar shtabida Endrik varianti ham bor edi, lekin u markaziy hujumchi sifatida o‘zini yaxshiroq his qiladi. Klubning yozgi transferlaridan biri Bernardu Silva ham bor, lekin yoshi o‘tgani va tezligi pasaygani tufayli unga markazda o‘ynash qulayroq bo‘lib qolgan.

So‘nggi yillarda «Real» hujumlarida chap qanot asosiy yo‘nalish bo‘lib qolgandi. Anchelotti davrida esa qasddan shu qanotni futbolchilar bilan to‘ldirish o‘ziga xos uslubga aylangandi. Shu bilan birga, bunday o‘ziga xoslik jamoani bir qanotga qaram qilib qo‘ygan va pozitsion hujumlar uyushtirishga xalal bergan. Diomandening kelishi bu kamchilikni tuzatishi mumkin, ammo konstruksiyani buzmasdan o‘rnata olish ham kerak.

«Real» rahbariyati Mourinioga u istagan futbolchilarning deyarli barchasini olib berdi. Uning ixtiyorida keng tarkib va xilma-xil imkoniyatlar hosil bo‘lgan. U qo‘l ostidagi yulduzlarning barchasiga maydondan joy topib berishi ham muammoga aylanishi mumkin. Katta ehtimol bilan, mavsum davomida muxlislar turli tajribalar va sxemalar o‘zgarishiga guvoh bo‘lishadi. Kimdir o‘yin amaliyoti kamligidan norozilik bildirishi ham mumkin.

Bu kabi keng ko‘lamli transfer kampaniyasi va tarkib to‘ldirilishidan keyin murabbiyda hech qanday e’tiroz bo‘lmasligi kerak. Joze bu qadar ko‘p top darajadagi futbolchilar bilan istalgan modelni qurishi mumkin. U bunday imkoniyatdan qanchalik to‘g‘ri foydalanishini oldindagi mavsum ko‘rsatib beradi.

player profilejose mourinhorecord transfer feela ligatactical analysisreal madridfootball transferyan diomande