“Real” va “Leypsig” Yan Diomande transferi bo‘yicha kelisha olmadi

**"Real" va "Leypsig" Yan Diomande bo'yicha kelishuvga erisha olmadi**
Ispaniyaning "Real" va Germaniyaning "Leypsig" klublari Yan Diomandening transferi borasidagi muzokaralarni davom ettirmoqda. Biroq, Germaniyaning nufuzli Bild nashrining xabar berishicha, tomonlar o'rtasidagi so'nggi muzokaralar ham natijasiz yakunlangan.
Manbaning ta'kidlashicha, "Leypsig" madridliklarning 100 million va 115 million yevrolik ikkita taklifini rad etgan. Endilikda nemis klubi futbolchi uchun kafolatlangan 120 million yevro talab qilmoqda. Shuningdek, turli bonuslar hisobiga transferning umumiy qiymati 135 million yevroga yetishi mumkinligi aytilmoqda.
Eslatib o'tamiz, avvalroq taniqli insayder Fabrisio Romano Diomande 100 million yevrodan ortiq summa evaziga "Real"ning yangi futbolchisiga aylanishi haqida xabar bergan edi.
Ma'lumot uchun, Yan Diomande 2025-yildan buyon "Leypsig" sharafini himoya qilib kelmoqda. Vinger 2025/2026-yilgi mavsumda jamoa safida jami 36 ta o'yinda maydonga tushib, 13 ta gol va 10 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Shuningdek, u Kot-d'Ivuar terma jamoasi bilan o'tgan Jahon chempionatida 4 ta uchrashuv o'tkazib, bitta golli uzatmani amalga oshirgan. Transfermarkt portali ma'lumotlariga ko'ra, futbolchining hozirgi taxminiy bozor qiymati 90 million yevroni tashkil etadi.

