Sport

Diomande “Real” tarixidagi eng qimmat futbolchiga aylandi

Diomande "Real" tarixidagi eng qimmat futbolchiga aylandi

Germaniyaning "Leypsig" klubidan Madridning "Real" jamoasiga o'tgan hujumchi Yan Diomandening transferi Ispaniya grandi tarixidagi eng qimmat xarid bo'ldi.

"Qirollik klubi" ivuarlik futbolchi uchun 140 million yevro to'lagan bo'lib, bu summaning 15 millioni bonuslardan iborat. Futbolchi bilan tuzilgan shartnoma 2033-yilgacha amal qiladi.

Avvalroq transfer qiymati 125 million yevroga baholangani haqida xabarlar tarqalgan edi. Erishish mumkin bo'lgan bonuslar qo'shilgach, bitim qiymati 135 million yevrogacha yetishi, murakkabroq shartlar bajarilgan taqdirda esa 140 million yevroni tashkil etishi ma'lum bo'ldi.

Shu tariqa, Diomandening transferi "Real"ning avvalgi rekord xaridlarini ortda qoldirdi. Jumladan, Krishtianu Ronalduning "Manchester Yunayted"dan 94 million yevroga, Garet Beylning "Tottenxem"dan 101 million yevroga, Eden Azarning "Chelsi"dan 120 million yevroga va Jud Bellingemning "Borussiya Dortmund" klubidan 134 million yevro evaziga amalga oshirilgan transferlaridan qimmatroq bo'ldi.

Yan Diomande 2025-yildan buyon "Leypsig" safida to'p surib kelayotgan edi. U 2025/26-yilgi mavsumda 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, 13 ta gol va 10 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.

Transfermarkt ma'lumotlariga ko'ra, 19 yoshli futbolchining taxminiy transfer qiymati 90 million yevroni tashkil etadi. Kot-d’Ivuar terma jamoasi safida 2026-yilgi Jahon chempionatida to'rtta uchrashuvda ishtirok etib, bitta golli uzatmani amalga oshirgan.

player transferla ligafootballleipzigtransfer recordmost expensive playerreal madridyan diomande