O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik haqida xabar berish uchun ishonch telefoni ishga tushirildi
Ijtimoiy himoya agentligi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsiz munosabat holatlari haqida anonim tarzda xabar berish mumkin bo‘lgan ishonch telefonini ishga tushirdi. Murojaatlar 1246 qisqa raqami orqali qabul qilinadi.

O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari haqida xabar berish maqsadida maxsus ishonch telefoni faoliyat boshladi. Bu haqda Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi.
Agentlik matbuot xizmatining xabar berishicha, 1246 qisqa raqami orqali bolalarga nisbatan zo‘ravonlik yoki ularning huquqlari buzilishi bilan bog‘liq har qanday holat haqida xabar berish mumkin.
Agentlik fuqarolarni quyidagi vaziyatlarga guvoh bo‘lganlarida zudlik bilan ushbu ishonch telefoniga murojaat qilishga chaqirdi:
* Bolalarga nisbatan jismoniy, ruhiy yoki jinsiy zo‘ravonlik;
* Bolalarning e’tiborsiz qoldirilishi yoki ularga g‘amxo‘rlik qilinmasligi;
* Bolalarning mehnatga majburlanishi yoki ularning ekspluatatsiya qilinishi;
* Bolalarning ta’lim olish huquqining buzilishi;
* Bolalarning boshqa huquq va erkinliklarining cheklanishi.
Idora murojaat qiluvchining shaxsi to‘liq sir saqlanishini kafolatlaydi. Hozirda koll-markaz sinov rejimida ishlamoqda.
“Har bir bola xavfsiz va mehrga to‘la muhitda ulg‘ayish huquqiga ega. Sizning bitta qo‘ng‘irog‘ingiz bir bolaning hayotini o‘zgartirishi mumkin. Birgalikda bolalarni himoya qilaylik”, — deyiladi agentlik xabarida.

