Profilaktika inspektorlariga ustama to‘lash tizimi butun O‘zbekistonda joriy etiladi

Profilaktika inspektorlariga ustama to‘lash tizimi O‘zbekiston bo‘ylab joriy etiladi. Toshkent shahridagi profilaktika inspektorlarining oylik maoshlariga 5 barobargacha ustamalar kiritildi. Bu haqda Profilaktika xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Naimov Rahim matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Mas’ulning so‘zlariga ko‘ra, 27-yanvar kuni prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng, Toshkent shahrida jamoat xavfsizligini ta’minlash va profilaktika xizmatini rivojlantirish bo‘yicha alohida yopiq qaror qabul qilingan. Ushbu qarorga ko‘ra, poytaxtdagi profilaktika inspektorlari va apparat xodimlariga stajiga qarab bir barobardan besh barobargacha (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori nazarda tutilmoqda — “Daryo” izohi) miqdorda ustamalar belgilangan.
Mazkur ustamalar 1-iyuldan hisoblana boshlaydi. Inspektorlar yangi miqdordagi oylik maoshlarini joriy yilning 20-iyul sanasidan boshlab qo‘lga oladi. Tizim respublika bo‘ylab kengaytiriladi. Mas’ulning ta’kidlashicha, hozirda profilaktika inspektorlari maqomi to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyorlanmoqda.
Prezidentga respublika bo‘yicha jamoat xavfsizligini ta’minlashda profilaktika inspektorlarining o‘rnini kuchaytirishga qaratilgan qaror loyihasi taqdim etilgan. Bu tajriba respublikaning boshqa hududlaridagi profilaktika inspektorlariga ham tatbiq qilinadi, deya qayd etdi profilaktika xizmati vakili. Hozirda tegishli hujjatlar loyihasi ustida ish olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, 27-yanvar kuni tashkil etilgan prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda ichki ishlar tizimidagi kadrlar qo‘nimsizligiga barham berish masalasi ko‘tarilgan edi. Yig‘ilishda profilaktika inspektorlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangiliklar e’lon qilingan. Jumladan, 2026-yil 1-iyuldan poytaxtdagi profilaktika xodimlariga ko‘p yillik staji uchun 5 million so‘mgacha oylik ustama berilishi ko‘zda tutilgan edi.

