Mahalliy

O‘zbekistonda aholi va byudjet tashkilotlariga ko‘mir yetkazishning yangi tartibi joriy etiladi

O‘zbekistonda aholi va byudjet tashkilotlariga ko‘mir yetkazib berishning yangi tartibi joriy etiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 30-iyuldagi qarorida belgilangan bo‘lib, mahalliy ko‘mir bozorini erkinlashtirish hamda aholi va byudjet tashkilotlarini ko‘mir bilan uzluksiz ta’minlashni nazarda tutadi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab mahalliy ko‘mirni davlat tomonidan tartibga solinadigan narxda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish amaliyoti bekor qilinadi. Buning o‘rniga, ko‘mir ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini birja savdolari orqali sotadi, aholi va byudjet tashkilotlariga yetkazib berish esa maxsus tashkil etilgan tizim asosida amalga oshiriladi.

Yangi tartibda ko‘mir xarid qilish va yetkazib berish jarayonlari maxsus interaktiv portal orqali boshqariladi. Ushbu portalda iste’molchilar buyurtma berishi, tadbirkorlar esa yetkazib berish bo‘yicha takliflar bilan ishtirok etishi mumkin. Aholi uchun ko‘mir narxi tadbirkorlarning eng maqbul takliflari asosida shakllantiriladi, biroq temiryo‘l orqali tashish uchun respublika bo‘ylab yagona tarif qo‘llaniladi.

Qarorda ko‘mir yetkazib beruvchilarni tanlashning reyting tizimi ham joriy etilishi belgilangan. Unda tadbirkorning ombori, transport vositalari, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi, faoliyat tajribasi kabi mezonlar inobatga olinadi. Yuqori reytingga ega tadbirkorlar birja savdolarida ustuvorlikka ega bo‘ladi.

Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga ko‘mir xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun moddiy yordam ajratiladi. Ushbu mablag‘lar 2026–2027-yillarda davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

Hujjatda ko‘mir narxining sun’iy oshirilishining oldini olish, ko‘mirni saqlash va yetkazib berish infratuzilmasini modernizatsiya qilish, import ko‘mir bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yaratish hamda portalni boshqa davlat axborot tizimlari bilan integratsiya qilish bo‘yicha ham qator vazifalar belgilangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda energetika resurslariga bo‘lgan talab ortib borayotgan sharoitda ko‘mir qazib chiqarish va uni qayta ishlash loyihalarini jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan edi. Unda aholi va sanoat korxonalariga ko‘mir yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

coal supplyuzbekistanmarket liberalizationprice regulationsocial supportinfrastructure modernizationdigital platformenergy policy