O‘zbekistonda 1-avgustdan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston qonunchiligida 2026-yil 1-avgustdan boshlab bir qator muhim o‘zgarishlar va yangiliklar kuchga kiradi. Quyida ushbu sanadan joriy etiladigan asosiy o‘zgarishlar keltirilgan.
**Avtokredit foizining bir qismi qoplanadi**
"Trade-in" dasturi doirasida eski avtomobillarini topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi transport vositalarini sotib olish uchun avtokredit foizining ma'lum bir qismi qoplab beriladi.
**Avtomobil jarima maydonchasidan QR kodli elektron ruxsatnoma orqali olib chiqiladi**
Transport vositalarini saqlash joylaridan chiqarib yuborish uchun ruxsatnoma faqat ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organ va ijro organi tomonidan “Jarima maydonchasi” axborot tizimida QR kod bilan tasdiqlanib, elektron tarzda yuborish tartibi joriy etiladi. Ichki ishlar vazirligi ikki oy ichida Soliq qo‘mitasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Jarima maydonchasi” axborot tizimini soliq organlarining axborot tizimlari bilan “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qiladi.
**Mehnat nizolari bo‘yicha ixtisoslashgan sudyalar ish boshlaydi**
Oliy sud rayosati “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusini shakllantirish haqida”gi qarorni qabul qildi. Unga ko‘ra, yangi tartib sudlarning mavjud shtat birliklari doirasida amalga oshiriladi. Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida mehnat nizolari bo‘yicha 4 nafar sudya faoliyat yuritadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlarida esa 3 nafardan ixtisoslashgan sudya belgilanadi.
**Soliqchilarni mijozlarga yo‘naltirilganlik darajasiga qarab baholash mumkin bo‘ladi**
Soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi. Bu soliq to‘lovchilar tomonidan soliq xizmatlaridan foydalanish imkoniyati va qulayligi, shuningdek, soliq organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati, soliq majburiyatlarini bajarish uchun sarflanadigan vaqt hamda soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro hamkorligi darajasini baholash imkoniyatini yaratadi.
**Parrandachilik loyihalari uchun 10 yillik imtiyozli kreditlar ajratiladi**
Parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni (loyihalarni) ishga tushirish uchun “Mikrokreditbank” ATB orqali yillik 10 foiz stavkada, 4 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilgacha muddatga kreditlar ajratiladi.
**“Tashabbusli byudjet”da deputatlarning qo‘shimcha g‘olib loyihalarni tanlash vakolatlari kengaytiriladi**
Har bir deputat tomonidan “Ochiq byudjet” axborot portalida bir mavsum uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida bir yoki bir nechta loyihalar tanlanib, qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilinadi. Deputat vakolati muddatidan ilgari tugatilgan hollarda, Tashabbusli byudjet jarayonlarida parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha komissiya qaroriga ko‘ra, boshqa deputatlar tomonidan tashabbusli byudjet jarayonlarining tegishli saylov okrugidagi qo‘shimcha g‘oliblari aniqlanadi.
**Kamyob yovvoyi hayvonlarni ovlash taqiqlanadi**
O‘zbekistonda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan ayrim yovvoyi hayvonlarni ovlashga vaqtinchalik taqiq joriy etiladi.
**Sanoat xavfsizligi qoidalarini buzgani haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi**
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalarining buzilishi yuzasidan xabar bergan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Bu haqda foto va/yoki videomateriallarni taqdim etgan shaxslarga huquqbuzarlik bo‘yicha undirilgan jarimaning qo‘mitaga o‘tkazilgan qismidan 20 foizi miqdorida pul mukofoti beriladi.
**Toshkent shahri va uning atrofidagi issiqxonalarga gaz yetkazib berilmaydi**
Poytaxt hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlaridagi issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi va mavjud shartnomalar belgilangan tartibda gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan bekor qilinadi.
Issiqxonalarda yoqilg‘i sifatida ko‘mir, shinalar, bitum, mazut, plyonka, sintetik karton, rezina, jun tolasi hamda shunga o‘xshash komponentlarni o‘z ichiga olgan materiallarni yoqish natijasida atrof tabiiy muhit ifloslantirilgani va chiqindilar joylashtirilgani uchun kompensatsiya to‘lovlari 20 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi.
**Baliqchilik bilan shug‘ullanuvchilarga qator imtiyozlar beriladi**
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamg‘armasi hisobidan baliqchilik sohasidagi tadbirkorlik subyektlariga barqarorlik reytingidagi toifasidan qat’i nazar, Markaziy bank asosiy stavkasining ikki barobaridan oshmagan miqdorda milliy valyutada ajratiladigan kreditlarning asosiy stavkadan 4 foiz banddan yuqori, biroq 10 foiz bandgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi.
Xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlarning 8 foiz banddan yuqori, biroq 4 foiz bandgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi; milliy va xorijiy valyutadagi kreditlarning 50 foizigacha, biroq 10 milliard so‘m ekvivalentidan oshmagan qismiga kafillik taqdim etiladi.

