Mahalliy

Tadbirkorlar himoyasida yangi bosqich, So‘xda shifokorlarga ustama va kamyob hayvonlarga ov taqiqi: 1 avgustdan nimalar o‘zgaradi?

Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq 2026 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan ayrim normalarni eslatib o‘tadi.

Tadbirkorlar himoyasida yangi bosqich, So‘xda shifokorlarga ustama va kamyob hayvonlarga ov taqiqi: 1 avgustdan nimalar o‘zgaradi?

**Mehnat nizolari bo‘yicha alohida sudyalar ish boshlaydi**

2026-yil 1-avgustdan boshlab mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu Oliy sud rayosatining “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusini shakllantirish haqida”gi qarorida keltirilgan.

Hujjatga muvofiq, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning mavjud shtat birliklari doirasida 2026-yil 1-avgustdan mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar faoliyat yuritadi.

Yangi tartibga ko‘ra, Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida mehnat nizolari bo‘yicha 4 nafar sudya faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlarida 3 nafardan ixtisoslashgan sudya ishlaydi.

Tumanlararo va shahar sudlarida ham mehnat nizolarini ko‘rish uchun alohida sudyalar ajratiladi. Jumladan, Nukus, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Karmana, Namangan, Termiz, Farg‘ona va Urganch tumanlararo sudlarida 2 nafardan, Samarqand shahar sudida 2 nafar, Kattaqo‘rg‘on, O‘rta Chirchiq va Yangiyo‘l tumanlararo sudlarida 1 nafardan, shuningdek, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Shayxontohur, Uchtepa va Yakkasaroy tumanlararo sudlarida 2 nafardan sudya mehnat nizolariga ixtisoslashtiriladi.

Qarorga asosan, 2026-yil 1-avgustdan keyin sudlarga kelib tushgan mehnat nizolariga oid barcha arizalar aynan ixtisoslashgan sudyalar o‘rtasida taqsimlanadi.

2026-yil 31-iyulgacha sudlarga kelib tushgan, shu jumladan, ish yurituviga qabul qilingan ishlar avvalgi tartib asosida ko‘rib chiqilib, yakunlanadi.

**Kamyob hayvonlarni ovlash taqiqlanadi**

2026-yil 1-avgustdan 2028-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekistonda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlarni ov qilish taqiqlanadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida keltirib o‘tilgan.

Ro‘yxatga 66 turdagi hayvon kiritilgan. Ular orasida sut emizuvchilardan qoplon, sirtlon, qor qoploni, Turkiston silovsini, Buxoro bug‘usi, bo‘rsiq, jayra va boshqa hayvonlar bor.

Qayd etilishicha, ushbu cheklov fermalar, pitomniklar, inkubatorlar, baliqchilik pitomniklari va hovuz xo‘jaliklarida saqlanayotgan va (yoki) yetishtirilayotgan yovvoyi hayvonlarni ov qilish, shuningdek, ilmiy va tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun ov qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalarni shakllantirish va taqsimlashda ov qilish taqiqlangan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlar turlariga nisbatan kvota ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

2026-yil 1-avgustdan boshlab ovchilar uchun muqobil mashg‘ulot sifatida o‘q otish sportiga ixtisoslashtirilgan mashq poligonlarida tasdiqlangan reja-jadval asosida mas’ul shaxslar hamda instruktorlar ishtirokida mashg‘ulotlar o‘tkazilishi ta’minlanadi. Bunda mashg‘ulotlarda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ov quroli yoki mashq poligonlari tomonidan ijara asosida taqdim etilgan sport qurollaridan foydalanishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, hujjatda 2026-yil 1-avgustdan boshlab 2030-yil 1-yanvarga qadar respublikaning markaziy shaharlaridan oqib o‘tuvchi daryo va soylar har yili jami 15 tonnadan kam bo‘lmagan miqdorda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Fanlar akademiyasi tomonidan tuziladigan ro‘yxat asosida chavoqlantirilishi belgilangan.

**Ayrim issiqxonalarga cheklov kiritiladi**

2026-yil 9-aprelda Vazirlar Mahkamasining “Surxondaryo viloyatida issiqxona xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.

Hujjat bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlarida joylashgan issiqxona xo‘jaliklarini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, Surxondaryo viloyatining iqlim sharoiti qulay hududlariga ko‘chirish, ularning faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy issiqxona infratuzilmasini barpo etish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda energiya taqsimotini samarali amalga oshirish maqsad qilingan.

Qarorga ko‘ra, Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida atmosfera havosi sifatini yaxshilash maqsadida 2026-yil 1-avgustdan boshlab mavjud issiqxonalar faoliyatining iqtisodiy samaradorligini qayta ko‘rib chiqish va ularni shaharsozlik hamda ekologik talablarga moslashtirish maqsadida ayrim cheklov va oshirilgan tariflar joriy etiladi.

Xususan, issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi va mavjud shartnomalar belgilangan tartibda gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan bekor qilinadi. Shuningdek, issiqxonalar tomonidan iste’mol qilinadigan suv resurslari uchun to‘lovlar (soliq stavkasi) sanoat korxonalari uchun belgilangan eng yuqori tariflarning 5 baravari miqdorida hisoblanadi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-avgustdan boshlab issiqxonalarda yoqilg‘i sifatida ko‘mir, shinalar, bitum, mazut, plyonka, sintetik karton, rezina, jun tolasi hamda shunga o‘xshash komponentlarni o‘z ichiga olgan materiallarni yoqish natijasida atrof tabiiy muhitni ifloslantirgani va chiqindilar joylashtirgani uchun kompensatsiya to‘lovlari yigirma baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi va mazkur tadbirkorlik sub’yektiga berilgan ekologik ekspertiza xulosasi qayta ko‘rib chiqiladi.

**Tadbirkorlar himoyasi yangi bosqichga ko‘tariladi**

Davlat rahbarining “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tadbirkorlar himoyasida yangi talablar belgilandi.

Hujjat bilan, 2026-yil 1-avgustdan quyidagilar joriy etilmoqda:

* nazorat qiluvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mansabdor shaxslari va xodimlari hamda tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida hisobga olish tartibi;

* “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlarni, shu jumladan, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini ro‘yxatga olishni va nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlarni hisobga olishni ta’minlovchi “Biznes himoya” QR-kodi.

Shuningdek, 2026-yil 1-avgustdan boshlab:

* davlat nazorati tartibotlarini raqamlashtirish va shaffofligini oshirish doirasida:

* tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tekshirishda ishtirok etadigan yoki tadbirkor bilan muloqotga kirishadigan davlat xizmatchilari “Yagona davlat nazorati” axborot tizimining mobil ilovasidan foydalanishlari majburiy etib belgilanadi;

* “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomalarning elektron shaklini yuritish orqali uni qog‘oz ko‘rinishida rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi;

* “Biznes himoya” QR kodini joriy etish doirasida:

* tadbirkorlik sub’yekti tomonidan nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsiga Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish elektron kitobini taqdim etish tartibi bekor qilinadi;

* nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi tadbirkorlik sub’yekti faoliyatida tekshiruv o‘tkazishdan oldin «Yagona davlat nazorati» axborot tizimining mobil ilovasi yordamida tadbirkorlik sub’yektidagi “Biznes himoya” QR kodini skanerlash orqali tekshiruvni ro‘yxatga oladi;

* davlat xizmatchilari “Biznes himoya” QR kodi orqali tekshirish yoki muloqot haqidagi ma’lumotni belgilangan tartibda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritmasa, tadbirkorlik sub’yektlari davlat xizmatchisini tekshiruv o‘tkazish uchun o‘z hududiga qo‘ymaslik va muloqotga kirishmaslik huquqiga ega.

**Boshqa o‘zgarishlar**

2026-yil 1-avgustdan boshlab:

* transport vositalarini saqlash joylaridan chiqarib yuborish bo‘yicha ruxsatnomani faqat ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) va ijro organi tomonidan “Jarima maydonchasi” axborot tizimida QR kod bilan tasdiqlash va elektron tarzda yuborish tartibi joriy etiladi;

* davlat organlari va tashkilotlarining arxiv ishiga oid barcha ma’lumotlari va hujjatlari Arxiv axborot tizimida shakllantiriladi va yuritiladi (davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar bundan mustasno);

* zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan sanoatlashgan bog‘larda burg‘ilangan quduqlardan olingan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi besh yil muddatga 1 so‘m miqdorida belgilanadi;

* Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan karantin ostidagi mahsulotlar fitosanitariya nazoratini amalga oshirishda xavflarni boshqarishga asoslangan tanlab olishning avtomatlashtirilgan mexanizmi joriy qilinadi;

* xavfli ishlab chiqarish ob’yektlari va texnik qurilmalaridan foydalanishdagi huquqbuzarliklar haqidagi xabarlarni Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga uning axborot tizimi orqali foto va (yoki) videomateriallar ko‘rinishida taqdim qilish, ularni ko‘rib chiqish hamda taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi;

* ayrim davlat arxivlari funksiyalari to‘liq raqamlashtirilgan holda amalga oshiriladi;

* So‘x tumani markaziy shifoxonasi va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga (1,0 stavka hisob-kitobidan) qo‘shimcha 2 mln so‘m miqdorida har oylik ustama belgilanadi;

* 2030-yil 1-avgustga qadar baliqchilik xo‘jaliklariga Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rsatiladi;

* “trade-in” dasturi doirasida eskirgan avtotransport vositalarini topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi transport vositalarini xarid qilish uchun avtokredit foizining bir qismini qoplab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

digitalizationautomotivehealthcarefinanceenvironmental protectionagriculturebusiness regulationslegal reforms