O‘zbekistonda davlat byudjetini tuzish va ijro etish qoidalari o‘zgardi

O‘zbekistonda davlat byudjetini shakllantirish va ijro etish tartib-qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi. Adliya vazirligida 27-iyul kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan tegishli buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi.
Hujjatda davlat moliyasini rejalashtirish va boshqarishga oid bir qator yangi mexanizmlar joriy etilgan. Xususan, birinchi marta "umumiy fiskal balans" tushunchasi kiritildi.
U konsolidatsiyalashgan byudjet, davlat maqsadli jamg‘armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, shuningdek, davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan depozitlar, byudjet ssudalari va kredit liniyalarini hisobga olgan holda shakllantiriladi. Bu ko‘rsatkich davlat moliyasining barqarorligini baholash, fiskal siyosatni yuritish va makroiqtisodiy prognozlarni ishlab chiqishda qo‘llaniladi.
Shuningdek, byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun kamida uch yillik rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish majburiyati joriy etildi. Ushbu dasturlarda maqsadlar, kutilayotgan natijalar, sifat va miqdor ko‘rsatkichlari hamda kelgusi uch yil uchun byudjet mo‘ljallari aks ettirilishi belgilandi.
Qoidalarga ko‘ra, byudjet so‘rovlarini ko‘rib chiqishda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ajratilayotgan mablag‘larning asoslanganligini hamda ularni qisqartirish yoki maqbullashtirish imkoniyatlarini tahlil qiladi. Ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligi past yoki daromad manbalari bilan ta’minlanmagan xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha yozma bildirishnomalar yuboriladi.
Hujjatda byudjet tashkilotlarida ortiqcha rejalashtirilgan yoki bo‘shab qolgan mablag‘lardan foydalanish tartibi ham aniq belgilangan. Bunday mablag‘lar, avvalo, ish haqi, nafaqalar va ayrim xizmatlar tariflari oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, byudjet daromadlarini prognozlash, byudjetlararo transfertlarni hisobga olish, byudjet ssudalarini ajratish va qaytarish, mahalliy byudjetlarning daromad hamda xarajatlarini rejalashtirish, shuningdek, daromadlarning prognozdan ortiq bajarilgan qismini hisoblash tartiblari ham qayta ko‘rib chiqildi.
2026-yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston davlat byudjeti ijrosida profitsit (ijobiy farq) qayd etilgan edi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga maʼlum qilgan. Hisob-kitoblarga koʻra, byudjetda profitsit kamida toʻqqiz yillik davrda ilk bor kuzatilmoqda (olti yoki 12 oylik raqamlarni inobatga olganda).

