O‘zbekistonda 2028-yildan uglerod solig‘ini joriy etish taklif qilindi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi institut 2028-yildan yirik sanoat korxonalari uchun uglerod solig‘ini joriy etishni taklif qildi. 2027-yilda esa soliq stavkasi va qamrovini belgilash hamda issiqxona gazlari chiqindilarini xatlovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda 2028-yildan boshlab uglerod solig‘ini joriy etish taklifi ilgari surildi. Bu tashabbus Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti tomonidan 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan “Fiskal muloqot”da taqdim etildi.
Institutning taqdimotiga ko‘ra, ushbu soliqni joriy etishga tayyorgarlik bosqichi 2027-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu bosqich chiqindilarni xatlovdan o‘tkazish, soliq bazasi, stavkasi va to‘lovchilar doirasini aniqlashni o‘z ichiga oladi. Soliqning o‘zi esa 2028-yildan boshlab dastlab eng yirik sanoat korxonalari uchun joriy etilishi, kelajakda esa uning amal qilish doirasi boshqa korxonalarga ham kengaytirilishi mumkinligi taklif qilinmoqda.
Soliq bazasi sifatida ikkita variant ko‘rib chiqilmoqda: uglerod dioksidi (is gazi) chiqindilarining amaldagi hajmi yoki iste’mol qilinadigan uglerod yonilg‘isi hajmi. 2029-2030-yillarda soliq stavkalarini oldindan e’lon qilingan jadval bo‘yicha bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilgan. Soliqning aniq parametrlari hozirda ishlab chiqish bosqichida bo‘lib, fiskal samara 2028-yildan kutilmoqda.
Institut mutaxassislarining hisob-kitoblariga ko‘ra, uglerod solig‘i chiqindilar qiymatini korxonalar xarajatlariga kiritish imkonini beradi. Bu esa kompaniyalarni energiya samaradorligini oshirishga va atrof-muhit ifloslanishini kamaytirishga undaydi. Shuningdek, xalqaro uglerod tartibga solish tizimining rivojlanishi ham ushbu soliqni joriy etishga sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Chiqindilarga ichki narx belgilash o‘zbekistonlik eksportchilarning xorijda uglerod yig‘imlarini to‘lash xavfini kamaytirishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, bu taklif tahliliy xarakterga ega bo‘lib, hozircha qabul qilingan qaror yoki qonun loyihasi maqomiga ega emas.
Eslatib o‘tamiz, Gazeta nashri 2020-yilda uglerod solig‘i solishning xalqaro tajribasi haqida yozgan edi. Bunday soliqning mohiyati atrof-muhitni ifloslantirishni iqtisodiy jihatdan foydasiz qilishdan iborat: xonadonlar va kompaniyalar qancha ko‘p yonilg‘i iste’mol qilsa va ularning chiqindilari qanchalik yuqori bo‘lsa, shuncha ko‘p to‘laydilar. Chiqindilarni kamaytirib, energiya samaradorligini oshiradiganlar esa kamroq xarajat qiladilar.
Misol tariqasida Kanada keltirilgan bo‘lib, u yerda uglerod solig‘i benzin, tabiiy gaz va boshqa turdagi yonilg‘ilar narxiga kiritilgan. Bunda tushumlarning salmoqli qismi aholiga qaytarilgan yoki energiyani tejash chora-tadbirlarini subsidiyalashga yo‘naltirilgan. Bunday model kamroq ifloslantiradiganlarni rag‘batlantirishi va yirik yonilg‘i iste’molchilariga tushadigan yukni oshirishi kerak edi.
2024-yil iyun oyida O‘zbekiston dunyoda birinchi bo‘lib Jahon bankidan uglerod dioksidi chiqindilarining kamaygani tasdiqlangani uchun to‘lov oldi. Chiqindilarni 500 ming tonnaga kamaytirgani uchun mamlakatga 7,5 mln dollar miqdorida grant o‘tkazib berildi, bu mablag‘ kelajakda 20 mln dollargacha oshishi mumkin.
To‘lov energiya samaradorligini oshirish, energetik subsidiyalarni qisqartirish va uglerod moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan iCRAFT loyihasi doirasida amalga oshirildi. Mablag‘larning bir qismini elektr energiyasi va gaz tariflari oshishidan eng ko‘p jabr ko‘rgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Jahon banki avvalroq O‘zbekiston “yashil” o‘tishni moliyalashtirish hamda korxonalarni ifloslanishni kamaytirishga rag‘batlantirish uchun uglerod narxini belgilashdan, jumladan, chiqindilar uchun soliq yoki kvotalar savdosidan foydalanishi mumkinligini ta’kidlagan edi.

