Iqtisodiyot

O‘zbekistonda palma yog‘iga aksiz solig‘i joriy etish taklif qilindi

O‘zbekistonda palma yog‘iga 10 foizlik aksiz solig‘i kiritish taklifi ilgari surildi. Bu taklif Fiskal tahlillar instituti tomonidan 2027-yilga mo‘ljallangan soliq siyosati bo‘yicha taqdim etilgan takliflar doirasida bildirilgan. Bu haqda “Daryo” muxbiri ma’lum qildi.

Institut vakilining so‘zlariga ko‘ra, aksiz solig‘i odatda inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarga qo‘llaniladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti palma yog‘ini to‘yingan yog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar qatoriga kiritadi. Jahon banki esa palma yog‘iga aksiz solig‘i joriy etish iste’molni kamaytirib, budjet daromadlarini oshirishini ta’kidlagan.

Fiskal tahlillar instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston 12 789 tonna palma yog‘i import qilgan. Ushbu mahsulotning o‘rtacha import narxi bir tonnasi uchun 1 400 dollarni tashkil etgan.

Mutaxassislarning hisobiga ko‘ra, agar palma yog‘iga 10 foizlik aksiz solig‘i joriy etilsa, davlat budjetiga qariyb 22 milliard so‘m miqdorida qo‘shimcha mablag‘ kelib tushishi mumkin.

Bu taklif 2027-yilga mo‘ljallangan soliq siyosati bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslardan biri hisoblanadi.

Shuningdek, Fiskal tahlillar instituti O‘zbekistonda jamoat transporti uchun yo‘l haqini iqtisodiy asoslangan darajaga ko‘tarishni ham taklif qilgan. Mutaxassislar subsidiyalar hajmi ortib borayotganini, ammo transport tizimi samaradorligi va natijalarini baholashda shaffoflik yetarli emasligini qayd etganlar.

o‘zbekistonjamoat transportisog'liqimportpalma yog'iaksiz solig'isoliq siyosatibyudjet daromadi