Iqtisodiyot

O‘zbekistonda bankdagi omonatdan olingan daromad soliqqa tortilishi mumkin

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning bank omonatlaridan oladigan daromadlariga soliq joriy etilishi mumkin. Bu taklif Fiskal tahlillar instituti tomonidan 30-iyul kuni soliq siyosati bo‘yicha o‘tkazilgan muloqotda ilgari surildi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri.

Institut soliq tizimini takomillashtirish maqsadida bir qator takliflar ishlab chiqqan. Hozirda mamlakatda passiv daromadlar orasida faqat bank omonatlaridan olingan foyda soliqqa tortilmaydi. Endilikda ushbu turdagi daromadlarni dividend solig‘i stavkasida, ya’ni 5 foiz miqdorida soliqqa tortish taklif etilmoqda.

Fiskal tahlillar instituti mutaxassislari ushbu taklifni ishlab chiqishda xalqaro tajribani o‘rganganliklarini va tegishli hisob-kitoblarni amalga oshirganliklarini ta’kidladilar. Misol uchun, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Hindistonda bank omonatlaridan olingan daromaddan 10 foiz, Germaniyada 26,4 foiz, Indoneziyada esa 20 foiz soliq undiriladi.

2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekiston banklarida jismoniy shaxslarning umumiy omonatlari 170 trillion so‘mni tashkil etadi. Institut vakillarining hisob-kitoblariga ko‘ra, agar omonatlarning o‘rtacha foiz stavkasi 16 foiz bo‘lib, uning 5 foizi soliqqa tortilsa, davlat byudjetiga qo‘shimcha 1,4 trillion so‘m daromad kelishi mumkin.

Muloqot davomida ushbu taklifning faqat Fiskal tahlillar institutiga tegishli ekanligi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi yoki boshqa vakolatli organlarning rasmiy pozitsiyasi emasligi alohida qayd etildi. Institutning vazifasi takliflar ishlab chiqish va ularni jamoatchilikka e’lon qilish ekanligi, takliflarning qabul qilinishi va amalga oshirilishi esa vakolatli organlarga bog‘liqligi tushuntirildi.

uzbekistanincome taxtaxationfiscal policybank depositseconomic reformpassive incomegovernment revenue