O‘zbekistonda palma yog‘iga aksiz solig‘i joriy etish taklif qilindi
O‘zbekistonda palma yog‘iga 'aholi salomatligi va sog‘liqni saqlash tizimi uchun ehtimoliy xarajatlarni' hisobga olish maqsadida aksiz solig‘i joriy etish taklif qilindi. Stavka tonnasiga 139 dollarni (qiymatining qariyb 10 foizini), budjetga qo‘shimcha tushumlar esa yiliga 21,7 mlrd so‘mni tashkil etishi mumkin.

O‘zbekistonda palma yog‘iga aksiz solig‘i joriy etish taklifi ilgari surildi. Bu tashabbus Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti tomonidan 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan “Fiskal muloqot”da taqdim etildi.
Taklifga ko‘ra, palma yog‘ining har tonnasiga 139 dollar miqdorida spetsifik aksiz stavkasi belgilanishi rejalashtirilmoqda. Taqdimotda keltirilgan valyuta kursi bo‘yicha bu taxminan 1,7 million so‘mni tashkil etadi.
2026-yilda palma yog‘ining o‘rtacha import qiymati tonnasiga 1388 dollar yoki qariyb 16,94 million so‘m atrofida baholanmoqda. Shunday qilib, aksiz solig‘i import qilinadigan mahsulot qiymatining taxminan 10 foizini tashkil etadi. Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, yillik import hajmi 12 789 tonna bo‘lganida, budjetga tushumlar 21,7 milliard so‘mga yetishi mumkin.
Tashabbus mualliflarining ta’kidlashicha, palma yog‘ining narxi uning iste’moli aholi salomatligi va sog‘liqni saqlash tizimi budjetiga olib keladigan xarajatlarni hisobga olmaydi. Iqtisodiy nazariyada bunday tovarlarga solinadigan soliqlar tashqi effektlarni – jamiyat tomonidan ko‘riladigan, ammo mahsulotning bozor narxiga kiritilmagan xarajatlarni hisobga olish usuli sifatida qaraladi.
Institut, shuningdek, iste’molchilar to‘liq ma’lumotga ega emasligi va o‘zini tiya olish qobiliyati cheklangani sababli bunday mahsulotlarning “ehtimoliy zararini” yetarlicha baholamasliklari mumkinligini qayd etdi. Bundan tashqari, palma yog‘ining salmoqli qismi sof holda emas, balki qayta ishlangan mahsulotlar tarkibida iste’mol qilinadi. Shu sababli, mualliflarning fikricha, markalash har doim ham xaridorlar tanloviga ta’sir qila olmaydi, aksiz esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri narx signalini hosil qiladi.
Taqdimotda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2016-yildagi “Ovqatlanish tartibi va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish bo‘yicha fiskal siyosat” nomli ma’ruzasi keltirilgan. Unda to‘yingan yog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlarni soliqqa tortish yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish vositalaridan biri sifatida qaraladi.
Institut materiallarida ta’kidlanishicha, Jahon banki salomatlik uchun zararli deb hisoblangan mahsulotlarga soliq solish ikki yoqlama effekt berishi mumkinligini ko‘rsatadi: iste’mol tarkibiga ta’sir ko‘rsatish va budjet uchun barqaror daromadlarni ta’minlash. Institut, shuningdek, amaldagi imtiyozlar va nol darajali stavkalar “muqobillarga nisbatan kamroq foydali bo‘lgan yog‘ turlari uchun narx ustunligini” yaratadi, deb hisoblaydi. Mualliflarning fikricha, aksizning joriy etilishi ushbu nomutanosiblikni qisman bartaraf etish imkonini beradi.
Ushbu taklif tahliliy xususiyatga ega bo‘lib, qabul qilingan qaror yoki qonun loyihasi maqomiga ega emas.
O‘zbekistonga palma yog‘ini olib kirish 2000-yillarda boshlangan. Dastlabki yetkazib berish hajmi taxminan 5000 tonnani tashkil etgan. 2016−2018-yillarda har yili atrofida 50 ming tonna import qilingan bo‘lsa, 2019-yilning yanvar-may oylarida bu ko‘rsatkich 31 ming tonnaga yetgan.
Ammo hozirda ko‘rsatkichlar pasaygan. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil yakunlari bo‘yicha import hajmi bir yilda deyarli 40 foizga – 39,7 ming tonnadan 24,2 ming tonnagacha kamaydi, yetkazib berish qiymati esa 27 million dollargacha tushdi (-46%). Kungaboqar yog‘i importi ham 3,5 foizga kamayib, 294,1 ming tonnani, yetkazib berish qiymati esa 265,2 million dollarni tashkil etdi.
2026-yilning olti oyi davomida 8,88 million dollarlik 6394 tonna palma yog‘i olib kirildi, vaholanki, o‘tgan yilning shu davrida 10,62 million dollarlik 8294 tonna import qilingan edi. Hajm ko‘rinishida yetkazib berish 22,9 foizga, pul ko‘rinishida esa 16,4 foizga kamaydi. Shu bilan birga, o‘rtacha import qiymati tonnasiga 1281 dollardan 1388 dollargacha, ya’ni taxminan 8,4 foizga oshdi.
Bojxona qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston 317,6 million dollarlik o‘simlik yog‘lari import qildi – bu 2025-yilning mos davridagiga (234,8 million dollar) nisbatan 35,3 foizga ko‘p. Yetkazib berishning jismoniy hajmi taxminan 21 foizga – 219,4 ming tonnadan 265,4 ming tonnagacha oshdi.
Importning asosiy qismini kungaboqar yog‘i tashkil etdi: yarim yil davomida mamlakatga 241,7 million dollarlik 218,9 ming tonna olib kirildi (o‘tgan yilning shu davrida 186,6 million dollarlik 186,9 ming tonna edi). Shuningdek, raps yog‘i yetkazib berish 83 tonnadan 9500 tonnagacha, kokos yog‘i 3800 tonnadan 6400 tonnagacha hamda aralash yog‘lar yetkazib berish 1100 tonnadan 4300 tonnagacha sezilarli darajada oshdi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov 2024-yil 10-dekabrda prezident bilan uchrashuvdan so‘ng, qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari 2022-yilda Indoneziya va Malayziyadan palma va kokos yog‘i, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan boshqa xomashyo importini bojlardan ozod qilishni so‘rashganini ta’kidlagan edi. O‘shanda prezident ushbu imtiyozlarni berishni ma’qullagan bo‘lib, ularning amal qilish muddati 1-yanvarda tugagan edi. Ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Shavkat Mirziyoyev imtiyozlar muddatini yana ikki yilga uzaytirish taklifini ma’qulladi, deya bayon qilgandi Vahobov.
2025-yil 1-martdan boshlab O‘zbekistonda palma yog‘i va tarkibida palma yog‘i hamda transyog‘lar bo‘lgan mahsulotlarni majburiy laboratoriya sinovidan o‘tkazish talabi joriy etildi. Bundan tashqari, mamlakat ichida oziq-ovqat mahsulotlarida palma yog‘idan foydalanish ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Yurist Umida Haqnazar Gazeta uchun yozgan maqolasida palma yog‘i va tarkibida u mavjud bo‘lgan mahsulotlarni, jumladan, sutni majburiy testdan o‘tkazish ilmiy ma’lumotlarga asoslanmagan, JST tamoyillariga zid keladi va raqobatni cheklaydi, deya ta’kidlagan edi. U ushbu mahsulot haqidagi miflar hamda agar rasmiylarni chindan ham millat salomatligi tashvishga solayotgan bo‘lsa, aslida nima qilishlari kerakligi haqida to‘xtalib o‘tgan edi.

