O‘rtachirchiqda voyaga yetmagan qizga uyatsiz harakatlar qilgan erkak qamoqqa olindi
Jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida avvalroq qabul qilingan qaror bekor qilinib, holat yuzasidan qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. Natijada, jinoiy ish qo‘zg‘atilib, erkak qamoqqa olingan. U o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish jinoyatida gumonlanmoqda.

O‘rtachirchiq tumanida voyaga yetmagan qizga nisbatan uyatsiz harakatlar sodir etganlikda gumonlanayotgan shaxs hibsga olindi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Bolalar ombudsmani kotibiyatiga O‘rtachirchiq tumanida istiqomat qiluvchi O.S. ismli fuqarodan murojaat kelib tushgan. Murojaatda aytilishicha, shu tumanda yashovchi M.A. uning voyaga yetmagan farzandi Q.M.ga nisbatan uyatsiz harakatlar qilgan.
Bolalar ombudsmanining so‘rovi bilan ushbu holat prokuratura organlari tomonidan o‘rganildi. Prokuror nazorati ostida avvalroq jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qaror bekor qilinib, holat bo‘yicha qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borildi.
Natijada, M.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 3-qismi bilan ayblov e’lon qilindi. Erkakka nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

