O‘n yillik o‘zgarish: dunyodagi eng kuchli pasportlar reytingi
Henley Passport Index reytingiga ko‘ra, 2026-yilda Singapur pasporti dunyodagi eng kuchli pasport sifatida e’tirof etildi. So‘nggi o‘n yilda xalqaro sayohatlar bo‘yicha imkoniyatlar sezilarli kengaygan bo‘lib, reytingning yuqori pog‘onalarini asosan Osiyo davlatlari egalladi.

**O‘n yillik o‘zgarish: Dunyoning eng qudratli pasportlari reytingi e’lon qilindi**
Henley Passport Index tomonidan tuzilgan yangi reytingda dunyoning eng kuchli pasportlari aniqlandi. Ushbu reyting mamlakat fuqarolari oldindan viza rasmiylashtirmasdan tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan davlat va hududlar soniga qarab shakllantiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilda Singapur pasporti eng yuqori pog‘onani egalladi. 2016-yilda Singapur fuqarolari 173 ta yo‘nalishga vizasiz sayohat qila olgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib bu ko‘rsatkich 192 taga yetgan.
Ikkinchi o‘rinni Yaponiya, Janubiy Koreya va Birlashgan Arab Amirliklari bo‘lishib oldi. Ushbu mamlakatlar pasportlari egalari 188 ta davlat va hududga vizasiz kirish imkoniyatiga ega.
Reyting so‘nggi o‘n yil ichida xalqaro sayohatlar sohasida Osiyo mamlakatlarining ta’siri sezilarli darajada kuchayganini ko‘rsatadi. 2026-yilda jahon reytingidagi dastlabki to‘rt o‘rin aynan Osiyo davlatlariga nasib etgan.
Eng katta o‘sishlardan biri Birlashgan Arab Amirliklarida kuzatildi. Henley & Partners ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yigirma yil ichida mamlakat vizasiz kirish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar sonini 153 taga oshirib, jami 188 taga yetkazgan. Bu diplomatik aloqalarni kengaytirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va iqtisodiy taraqqiyot bilan izohlanmoqda.
Yevropa davlatlari ham reytingda yuqori o‘rinlarni saqlab qolgan. Norvegiya 186 ta vizasiz yo‘nalish bilan beshinchi, Shveytsariya esa 185 ta yo‘nalish bilan oltinchi o‘rinni egallagan. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Buyuk Britaniya pasportlari o‘rtacha 184 ta davlat va hududga vizasiz kirish imkonini beradi.
Shimoliy Amerika mamlakatlari ham 2016-yilga nisbatan vizasiz safar qilish imkoniyatlarini kengaytirgan. Hozirda Kanada pasporti egalari 183 ta, AQSh fuqarolari esa 180 ta davlat va hududga vizasiz tashrif buyurishi mumkin. Biroq boshqa davlatlar tezroq sur’atda o‘sgani sababli ularning jahon reytingidagi o‘rni biroz pasaygan.

