Dunyo

Rossiyaliklar uchun Gretsiya vizasini olish yanada qiyinlashdi

Gretsiya Rossiya fuqarolariga Shengen vizalarini berishni keskin chekladi. Rossiya turoperatorlari ma’lumotiga ko‘ra, turistik mavsum avjida viza rad etish holatlari ayrim kompaniyalarda 50 foizgacha, mustaqil murojaat qiluvchilar orasida esa 70 foizgacha yetgan.

Gretsiya Rossiya fuqarolariga Shengen vizalarini berish tartibini qat'iylashtirgani sababli, rossiyaliklar uchun Gretsiya vizasini olish ancha murakkablashdi. Bu haqda Rossiya Turoperatorlari assotsiatsiyasi ma'lumot berdi.

Assotsiatsiyaning xabariga ko‘ra, ayrim rossiyalik turoperatorlar orqali hujjat topshirgan mijozlarning deyarli yarmiga Gretsiya vizasi berish rad etilgan. Mustaqil ravishda murojaat qilgan sayyohlar orasida esa rad javoblari yanada yuqori bo‘lib, ba'zi hollarda 70 foizgacha yetgan.

Turoperatorlar ta'kidlashicha, hatto safar uchun to‘lovni to‘liq amalga oshirgan va mehmonxona bronlari tasdiqlangan turistlar ham viza ololmayapti. Misol tariqasida, Moskvada ko‘chmas mulkka ega bo‘lgan va moliyaviy hujjatlari talablarga to‘liq javob bergan murojaatchining ham qaytadan rad javobini olgani keltirilgan.

Rossiyalik turizm kompaniyalari bunday ko‘lamdagi rad etishlar avval kuzatilmaganini bildirmoqda. Ularning aytishicha, Gretsiya tomonidan qabul qilinayotgan bunday qarorlarning aniq sababi hozircha ma'lum emas.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2025 yilda Gretsiya Rossiya fuqarolariga taxminan 59 ming Shengen vizasini bergan. Ularning 41,6 foizi ko‘p martalik vizalar bo‘lgan. Shu bilan birga, arizalarning 11,2 foizi rad etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich Shengen hududi mamlakatlari bo‘yicha o‘rtacha 6,4 foizlik darajadan ancha yuqori hisoblanadi.

Umuman olganda, 2025 yilda Rossiya fuqarolari 620 mingdan ortiq Shengen vizasini olgan. Bu 2024 yilga nisbatan 10 foizga ko‘pdir. Viza uchun berilgan arizalar soni ham 8,4 foizga oshib, 674 mingtaga yetgan.

Biroq Yevropa komissiyasi tomonidan qoidalar qat'iylashtirilgach, rossiyaliklarga berilayotgan ko‘p martalik vizalar ulushi keskin kamaygan. Agar avval berilgan vizalarning taxminan 57 foizi ko‘p martalik bo‘lgan bo‘lsa, yangi cheklovlardan keyin bu ko‘rsatkich 12 foizgacha tushgan.

2025 yilda Rossiya fuqarolarining Shengen vizasi uchun bergan arizalarining qariyb to‘rtdan uch qismi Fransiya, Italiya va Ispaniya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Barcha berilgan vizalarning 68 foizi ham aynan shu uch davlat tomonidan rasmiylashtirilgan. Xususan, Fransiya rossiyaliklarga berilgan vizalar sonini qariyb 30 foizga oshirgan bo‘lsa, Italiyada bu ko‘rsatkich pasaygan, Ispaniyada esa deyarli o‘zgarishsiz qolgan.

Yevropa komissiyasi 2025 yil noyabr oyida xavfsizlik omillari va Ukrainadagi urush bilan bog‘liq vaziyatni inobatga olgan holda Rossiya fuqarolariga ko‘p martalik Shengen vizalarini berishni cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Turoperatorlar fikricha, aynan shu cheklovlar rossiyaliklarning qisqa muddatli vizalar uchun tez-tez murojaat qilishlariga sabab bo‘lmoqda.

turizmukraina urushirossiya fuqarolarigretsiya vizalarishengen vizalariviza rad etishyevropa ittifoqi cheklovlariviza statistikasi