Dunyodagi eng farovon davlatlar reytingi e’lon qilindi
Britaniyaning The Legatum Institute tahlil markazi tomonidan tuzilgan navbatdagi «Farovonlik indeksi» (Prosperity Index) e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Shveytsariya dunyodagi eng farovon mamlakat deb topildi. Bu yilgi reyting jami 161 davlatni qamrab olgan.

Dunyodagi eng farovon mamlakatlar ro‘yxati e’lon qilindi.
Tahlil markazi ushbu reytingni tuzishda qariyb 300 ta statistik ma’lumotdan foydalangan. Baholash jarayonida davlat boshqaruvi va jamoat institutlarining sifati, iqtisodiy muhit, tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash va inson salohiyatini rivojlantirish imkoniyatlari inobatga olingan.
Reytingda Shveytsariya birinchi o‘rinni egalladi. Bu mamlakat so‘nggi yillarda muntazam ravishda birinchi yoki ikkinchi pog‘onadan joy olib kelmoqda. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni mos ravishda Norvegiya va Irlandiya band etdi. Norvegiya ham doimiy ravishda eng farovon davlatlar qatorida bo‘lsa, Irlandiya 2021-yilda yettinchi o‘ringa tushib ketganidan so‘ng yana yuqori o‘rinlarga qaytdi.
Eng farovon o‘ntalikka Yevropadan tashqari faqat Avstraliya kiritilgan bo‘lib, u to‘qqizinchi o‘rinni egallagan. Reytingning quyi qismida asosan Afrika davlatlari joylashgan, so‘nggi o‘ntalikda Afg‘oniston ham mavjud.
Oxirgi o‘rinni Eritreya egalladi. Bu mamlakat uzoq yillardan buyon eng kam farovon davlatlar qatoridan joy olib kelmoqda. Uning eng yaxshi natijasi 2023-yilda qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda 156-o‘rinni egallagan. Shuningdek, Niger va Chad ham reytingning eng quyi pog‘onalarida joylashgan.
Rossiya reytingda 103-o‘rinni egallab, Turkiya va Tanzaniya o‘rtasidan joy olgan. Mamlakatning eng yaxshi natijasi 2018-yilda kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda u 82-o‘ringa ko‘tarilgan.
Sobiq ittifoq davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich Estoniyaga tegishli bo‘lib, u 19-o‘rinni qayd etgan. Litva 25-o‘rin, Latviya 30-o‘rin, Gurjiston 42-o‘rin va Armaniston 43-o‘rindan joy olgan. Qozog‘iston 66-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Ozarboyjon 105-o‘rinda, Belarus esa 132-pog‘onadan o‘rin olgan.

