Mahalliy

Odamlarni xorlagan qurilish: "New Port"dagi qonunsizliklardan "kattalar" ham xabardor bo‘lgan

Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Damariq mahallasida qurilayotgan New Port turar joy majmuasi atrofidagi mojaro yetti yildan beri davom etmoqda. Ayrim xonadonlar zo‘ravonlik bilan buzilib, egalari majburan ko‘chirildi, qolgan mulkdorlar esa haligacha sudlarda o‘z haqini talab qilmoqda.

**"New Port"dagi qonunsizliklar: "Kattalar" ham xabardor bo‘lgan, odamlar esa xorlangan**

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi Damariq mahallasida joylashgan "New Port" turar joy majmuasi atrofidagi mojaro yetti yildan buyon davom etmoqda. Bu jarayonda ayrim xonadonlar zo‘ravonlik bilan buzilib, egalari majburan ko‘chirildi, qolgan mulkdorlar esa sudlarda o‘z haq-huquqlarini talab qilishda davom etmoqda.

Kun.uz muxbiri Abdulla Qahhor ko‘chasidagi xonadon egalari bilan suhbatlashdi. Ular kompensatsiya miqdori mulkdorlarning roziligisiz belgilanganini va ijro harakatlari shubhali tarzda amalga oshirilganini ta’kidladilar. Bundan tashqari, odamlar yashab turgan uylardan atigi 10 metr masofada tsement zavodi qurilgan.

**"Adolat qayerda?"**

Xonadon egalaridan biri Jamshid Rajabov sud jarayonlaridan norozi ekanini bildirdi: "Ko‘chamizdagi asfaltlarni buzishdi, bolalarimizning maktab-bog‘chalarga borish yo‘llarini buzishdi. Hozir biz hammamiz ular bilan sudlashyapmiz va sud ishlari bizning foydamizga hal bo‘lmayapti. Sababi sudyalar bizni umuman eshitmayapti. Sudda ikki tarafga kelishish uchun bir hafta muhlat berilyapti. Bir haftadan keyin sudda da’vogar tomon o‘z fikrini o‘zgartirmasligini aytganda sudya ularning foydasiga hukm o‘qiyapti. Bu kulgili narsa. Adolat qayerda?"

**"Bizning ustimizdan kulishyapti"**

Yana bir mulkdor Shavkat Xidirovning so‘zlariga ko‘ra, qurilish maydonidagi tsement ishlab chiqarish faoliyati yashash sharoitiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan: "Uyimning oldiga tsement zavodi qurgan, uyim bilan orasi 10 metr. Har kuni 02 qilaman, kelmaydi. Buning uchun sudya menga 3 oklad jarima soldi va 1 yilga arestovat qildi. Xuddi men kimnidir o‘ldirganday. Chunki kechqurun shovqin, to‘polon, har kuni 20-30 ta mashina keladi. Bu yerda tsement sotadi ular. Tsement shunaqa oqadi (hovliga). Ekologiya qo‘mitasigayam, Sanepidemiyagayam telefon qildim. Keladi, yozadi, ketadi. O‘zgarish yo‘q. Sud bizga boshqacha gapiradi, keyingisi yana boshqacha gapiradi. Qo‘pol bo‘lsayam, pul olgan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Yakkasaroy tuman sudyalari, shahar sudyalari ko‘rdi ishni, endi Oliy suddan umid qilyapman. Eng asosiysi bizning juda ustimizdan kulishyapti. Hojatxonasini uyimning tagiga qurib qo‘yishgan, har yakshanba kuni tortadi, hidi sasib ketadi."

Fuqarolarning ma’lum qilishicha, qurilishchi kompaniya aholini majburiy ko‘chirish bo‘yicha sudga murojaat qilgan. Ularning fikricha, kompensatsiya miqdori ham mulkdorlar roziligisiz belgilanib, ijro uchun Majburiy ijro byurosiga yuborilgan.

**"Odil sudlovga shubha uyg‘onyapti"**

Mulkdor Mirvohid Mirhabibovning ta’kidlashicha, hududni ajratish bo‘yicha qabul qilingan qarorda belgilangan talablar bajarilmagan: "Hokimning qarorida ular to‘liq mulk huquqiga ega bo‘lmaydi bu kompaniya, bu zaxiralashga olinsin deb. Ya’ni hamma fuqarolar ko‘chirib chiqarilib keyin qurilish boshlash kerak edi. Ular shu normalarni bajarmasdan qurilish boshlashdi. Bu ularning katta xatosi bo‘ldi. Bu haqida bir necha marta Qurilish inspeksiyasiga yozganimizda bunga aniq javob berishmasdan umumiy gaplar bilan cheklanishdi. Huquqshunoslar biladiki, agar qarorda majburiy ko‘chirish asoslari ko‘rsatilmagan bo‘lsa hech kim majburiy ko‘chirishga da’vo arizasi kirita olmaydi. Bunga haqqi yo‘q. Lekin sudlar bu narsani boshqa tomonga burib yubordi: bizni uydan ko‘chirish mumkin-mumkinmasligi qolib, masalani kompensatsiya mazmuniga burib yubordi. Endi o‘z-o‘zidan agar biz endi sudga berish uchun 2 foiz davlat boji to‘lashimiz kerak. Bizga yo‘q joydan xarajat chiqarishdi. Bu qaysidir uchun 60 million, kimdadir 200 million bo‘ladi. Buni fuqaro to‘lay olmaydi. Bu hali bizning foydamizga hal bo‘ladimi-yo‘qmi bilmaymiz. Odil sudlovga shubha uyg‘onyapti."

**Hamma xabardor edi...**

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur hudud Toshkent shahar hokimining 128-sonli qarori bilan qurilish uchun ajratilgan. Shuningdek, bir yil avval ob’yektga Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, tuman prokurori Bekzod Shamsiyev, hokim o‘rinbosarlari hamda ishchi guruh tarkibida Bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Qosimov tashrif buyurgan.

Fuqarolarning aytishicha, majburan ko‘chirilgan ayrim xonadon egalariga kompensatsiya to‘liq to‘lanmagan va ba’zilariga hujjatlarga aldov yo‘li bilan imzo qo‘ydirilgan.

Oradan bir yil o‘tib esa Toshkent shahar prokuraturasi ushbu holat yuzasidan rasmiy axborot berdi. Unda qayd etilishicha, fuqarolarning uylari o‘zboshimchalik bilan buzilgan, ularning o‘rnida esa tegishli ruxsatnomalarsiz bitta 20 qavatli, ikkita 19 qavatli, bitta 12 qavatli va bitta 2 qavatli binolar qurilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu holat bir qator savollarni kun tartibiga chiqarmoqda. Agar davlat idoralari bu qurilishdan xabardor bo‘lgan bo‘lsa, nega qonunbuzilishlar qurilish jarayonining o‘zida bartaraf etilmagan? Nega 19–20 qavatli binolar qad rostlagandan keyingina ularning ruxsatsiz qurilgani haqida ma’lumot berilmoqda?

Yana bir muhim masala: mazkur majmuadan xonadon sotib olgan fuqarolar taqdiri. Agar qurilishda haqiqatan ham qonunbuzilishlar bo‘lgan bo‘lsa, ularning mulk huquqi qanday himoya qilinadi? Bu savolga hozircha rasmiy javob yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva poytaxtdagi barcha qurilishlarni to‘liq inventarizatsiya qilishni topshirib, qonun buzilishi aniqlangan hollarda mas’ullarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini bildirgan edi.

illegal constructionproperty rightscriminal caseenvironmental pollutionjudicial injusticeforced evictionnew portofficial negligence