Mahalliy

Toshkentdagi New Port turar joy majmuasi 6 ta blokida qurilish noqonuniy olib borilgan

Toshkentdagi New Port turar joy majmuasining oltita blokida qurilish ishlari noqonuniy ravishda olib borilgan. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi ma’lum qildi.

Inspeksiya xabariga ko‘ra, Yakkasaroy tumanida joylashgan New Port turar joy majmuasidagi jami to‘qqizta blokdan oltitasida qurilish ishlari ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan amalga oshirilgan. Nazorat tadbirlari Mega Logistics Service MCHJ tomonidan olib borilayotgan qurilish ishlariga mutasaddi nazorat organlari, jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan yetarli e’tibor qaratilmagani haqidagi fikrlar sababli o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, Mega Logistics Service MCHJga tegishli hududda jami to‘qqizta blokda qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Ulardan uchtasi bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining ijobiy xulosasi hamda tegishli ijobiy ekspertiza xulosalari mavjud. Ushbu hujjatlar asosida mazkur bloklarda qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun Toshkent shahar hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Biroq, qolgan oltita blokda qurilish-montaj ishlari Inspeksiyadan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan olib borilayotgani nazorat tadbirlari davomida aniqlangan. Aniqlangan holatlar yuzasidan buyurtmachi – Mega Logistics Service MCHJga bir necha marta bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan.

Ushbu ko‘rsatmalarda qurilish-montaj ishlarini belgilangan shaharsozlik hujjatlari asosida hamda obyektni inspeksiyadan tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazgan holda amalga oshirish talab etilgan. Ammo yozma ko‘rsatmalarda belgilangan talablar bajarilmagani sababli buyurtmachining mas’ul mansabdor shaxslari belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, buyurtmachining texnik nazoratchisiga nisbatan tegishli taqdimnoma kiritilib, ta’sir choralari qo‘llanilgan. Bundan tashqari, mazkur holatlar bo‘yicha inspeksiya tomonidan to‘plangan hujjatlar tegishli huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Inspeksiya xabarida ta’kidlanishicha, "Mazkur obyektda aniqlangan qonunbuzilish holatlari Inspeksiya tomonidan e’tiborsiz qoldirilmagan. Aksincha, ular yuzasidan belgilangan tartibda nazorat tadbirlari o‘tkazilib, vakolat doirasida tegishli ta’sir choralari qo‘llanilgan hamda qonunbuzilishlarga huquqiy baho berilishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan".

Avvalroq, poytaxt prokuraturasi ushbu majmuada qurilishga tegishli ruxsatnoma olmasdan turib, bitta 20 qavatli, ikkita 19 qavatli, bitta 12 qavatli va bitta 2 qavatli turar-joy binolari o‘zboshimchalik bilan qurilganini e’lon qilgan edi. Buning ortidan Mega Logistics Service MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

toshkentillegal constructioncriminal casenew portbuilding violationsmega logistics serviceadministrative liabilityconstruction inspection