Odamlar yiqilib, jarohat olyapti - Andijonda qazilgan chuqurlar chala tashlab ketildi
Andijonning Eski shahar qismida kanalizatsiya uchun chuqur qazish fevralda boshlangan, lekin ish nihoyasiga yetkazilmay, chala qoldirib ketilgan. Chuqurga shu paytgacha bir necha kishi yiqilib, og‘ir jarohat olishdi. Ulardan biri yosh bola, ikkinchisi esa keksa yoshli erkak. Ular o‘z yonidan xarajat qilib davolanishga majbur bo‘lgan. Vaholanki, xavfsizlik qoidalari buzilgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Ishlar to‘xtab qolgani hokimlik pul ajratmayotgani bilan bog‘lanyapti. Avvalroq “Andijon polka”ni rekordlar qatoriga kiritish 730 mln so‘mga tushgan edi.

Andijonning Eski shahar qismida fevral oyida boshlangan kanalizatsiya chuqurlarini qazish ishlari yakuniga yetkazilmay, chala holatda qoldirilgani sababli bir necha kishi jarohat oldi. Jabrlanganlar orasida yosh bola va keksa yoshli erkak bor bo‘lib, ular davolanish xarajatlarini o‘z cho‘ntagidan qoplashga majbur bo‘lishgan. Xavfsizlik qoidalarining buzilishi yaqqol ko‘rinib turganiga qaramay, ishlar to‘xtab qolgan. Bu holat hokimlik tomonidan mablag‘ ajratilmayotgani bilan izohlanmoqda. Eslatib o‘tamiz, avvalroq "Andijon polka" raqsini rekordlar qatoriga kiritish uchun 730 million so‘m sarflangan edi.
Gap Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur mahallasi hududi haqida ketmoqda. Mahalliy aholi vakillaridan birining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, "Hududda yashovchi yosh bolalardan biri reanimatsiyada ham yotib chiqdi. Yaqinda 70 yoshli qo‘shnimiz ham shu chuqurlikka yiqildi."
Qazilgan joyga odamlar chiqindi tashlab ketishmoqda, bu esa atrofni qo‘lansa hid bilan to‘ldirgan. Mahallada Zahiriddin Muhammad Bobur muzeyi joylashgan bo‘lib, bu joyga sayyohlar ham tashrif buyuradi.
Aholi vakili shuningdek, ko‘chadan ikkita mashina o‘tgudek bo‘lsa, tirbandlik yuzaga kelayotganini, bitta mashina zo‘rg‘a o‘tayotganini ta'kidladi. Qish kelishi bilan qirovli kunlarda vaziyat yanada ayanchli bo‘lishidan xavotir bildirilmoqda. Yo‘l bo‘yida savdo qiladigan tadbirkorlar do‘konlariga o‘tish uchun xavfli ko‘priklar qurib olishgan. Chuqur tufayli ko‘plab savdogarlarning savdosi pasayib ketgan.
**"O‘g‘lim chuqurga yiqilgan, qarzimizdan haliyam qutula olmadik"**
Chuqur tufayli o‘g‘li aziyat chekkan ona Dilrabo Nazirova shunday deydi: "O‘g‘lim shu chuqurlikka yiqildi. Bosh miyasidan jarohat olib, shifoxonalarda yotib chiqdi. Qarz havola qilib, amallab dori-darmon topib berdik. Sharoitim og‘irligidan haliyam o‘sha qarzlardan qutulolganimiz yo‘q. Katta farzandim ham betob, uning dorilaridan orttirib qo‘shimcha shifokorlarga ko‘rsatish uchun kichik farzandimga imkoniyat qila olmadim."
"Bolamda yiqilish asorati qolgan, shifokorlarga ko‘rsating deyishdi. Lekin imkoniyatim yo‘q. Shifoxonada yotgan kunlarimdagi qarzlarim hali ham uzilgani yo‘q. Farzandim shu ahvolga tushdi, boshqalarning bolasi azoblanishini xohlamayman. Iltimos, chuqurni tezroq yopib berishsin," deya qo‘shimcha qildi u.
Nazirovaning so‘zlariga ko‘ra, mahalla raisiga murojaat qilganlarida, u bolaning chuqurlikka emas, balki uyda yiqilganini aytib, ishni yopishga harakat qilgan.
**Yoqilg‘isiz qolgan ekskavatorchi...**
Hududda istiqomat qiluvchi aholi vakilining ma'lumotiga ko‘ra, ishchilarga oylik maosh berilmagani sababli qurilish ishlari yakuniga yetmay qolgan.
"Uyimiz yoniga ekskavatorini qo‘yib ketgan haydovchi bilan gaplashib qoldim. U qurilish ishlariga jalb qilingan ekan. Haydovchi oylik tugul texnikasini boshqarish uchun yoqilg‘isiga ham pul berilmayotganidan shikoyat qildi. Mablag‘ yo‘qligidan boshqa ishchilar ham ketib qolgan," deydi u.
**"Hokim o‘rinbosaridan so‘rang"**
Hududda qurilish ishlarini olib borayotgan "Yuksalish-Umid" MChJ qurilish ishlari nazoratchisi bilan telefon orqali suhbatlashganimizda, u mahalladagi infratuzilma ancha eskirganini va qazilgan yo‘nalishda barcha kommunikatsiya vositalari (kanalizatsiya, suv, elektr) bir joyda o‘tishi uchun kerakli ishlar qilinayotganini aytdi.
Qurilishning to‘xtab qolishi sababini esa Andijon shahar hokimi o‘rinbosari Ulug‘bek To‘raqulovdan so‘rash maqsadga muvofiqligini ta'kidladi. Nazoratchi hududda tez fursat ichida yana ishlar boshlanishidan umid bildirdi.
Andijon shahar hokimi o‘rinbosari Ulug‘bek To‘raqulov bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi. Avval yig‘ilishda deya aytilgan hokim o‘rinbosari keyin qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermadi.
Ma'lumot o‘rnida, Andijon viloyati byudjetining 2026-yil zaxira jamg‘armasi hisobidan Madaniyat boshqarmasiga "Andijon polka" raqsini "Ginnes rekordlari" kitobiga kiritish bilan bog‘liq xarajatlarga 730 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan edi.

