Andijonda bir guruh ayollar 5 sutkadan qamaldi

Andijonda bir guruh ayollar 5 sutkaga qamaldi
Andijon shahrida koʻp qavatli uy hududida janjallashgan yetti nafar ayolga besh sutkadan maʼmuriy qamoq jazosi berildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati maʼlum qildi.
Xabarga koʻra, 30-iyul kuni soat 12:30 atrofida koʻp qavatli uy hududida bir guruh ayollar oʻrtasida janjal yuzasidan 102 raqami orqali ichki ishlar organlariga murojaat kelib tushgan. Voqea joyiga yetib borgan ichki ishlar xodimlari fuqarolarning jamoat tartibini qoʻpol ravishda buzib, oʻzaro baqir-chaqir qilib janjallashayotganini hamda atrofdagi fuqarolarning osoyishtaligini buzganini aniqlagan.
Shundan soʻng, holatga huquqiy baho berish va hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida ular ichki ishlar binosiga olib kelingan. Biroq, bu yerda ham ayrim fuqarolar xodimlarning qonuniy talablariga boʻysunmasdan, oʻzaro haqoratli va uyatli soʻzlar bilan janjalni davom ettirgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ayollar oʻrtasidagi janjalning kelib chiqishiga ijtimoiy tarmoq, Instagram orqali boshlangan oʻzaro haqoratlar sabab boʻlgan. Fuqarolarning harakatlarida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 194-moddasida (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi sababli toʻplangan hujjatlar jinoyat ishlari boʻyicha Andijon shahar sudiga yuborilgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Andijon shahar sudining qaroriga koʻra, mazkur huquqbuzarliklarni sodir etgan yetti nafar ayol aybdor deb topilib, ularning har biriga nisbatan besh sutkadan maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Eslatib oʻtamiz, 23-iyul kuni Samarqandda uch kishi 35 yoshli erkakni "samosud" qilgani haqida xabar berilgan edi. 35 yoshli erkak 52 yoshli qoʻshnisi bilan oʻzaro tortishib qolib, oʻrtalarida janjal kelib chiqqan. Mazkur janjalga qoʻshnisining oʻgʻli hamda ikki nafar tanishi aralashib, uni urib, tepib, tan jarohati yetkazgan.

