Mahalliy

Andijonda mushukni devordan uloqtirgan yoshlar javobgarlikka tortildi

Andijonda mushukni devordan uloqtirgan yoshlar javobgarlikka tortildi. Andijon shahrida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘proq kuzatuvchi yig‘ish maqsadida mushuk bolasini qurilish maydonchasiga uloqtirgan va holatni videoga olib tarqatgan yoshlar ushlandi. Bu haqda Andijon viloyati IIB axborot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 27-iyul kuni Shahrixon tumanida yashovchi, 2008-yilda tug‘ilgan fuqaro Andijon shahridagi Navro‘z Mall savdo majmuasi oldida mushuk bolasini ko‘rib qolgan. U ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishish maqsadida jonivorni baland to‘siq orqali qurilish maydonchasiga uloqtirgan.

Bu jarayon uning 2006-yilda tug‘ilgan tanishi tomonidan videotasvirga olinib, 18 yoshli yigitning Instagram’dagi shaxsiy sahifasiga joylashtirilgan. Keng muhokamalarga sabab bo‘lgan mazkur video yuzasidan IIB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borildi.

Holat yuzasidan huquqbuzarlarning har biriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi (hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

“Mushukni qo‘limga olib, uloqtirgandan keyin kameraga qarab ‘mushukning joni 40 ta emas, 39 ta qoldi’ deb kulgandim. Aslida adashibman, 10 baravar jarima ekan. Hayvonlarga nisbatan qaytib bunday munosabatda bo‘lmayman. Meni kechiringlar”, deydi huquqbuzar yigit.

Jonivorni tasvirga olgan sherigi ham qilmishidan qattiq pushaymonligini, o‘sha vaqtda do‘stini to‘xtatib qolishi kerakligini aytib, jamoatchilikdan uzr so‘ragan.

Avvalroq Qashqadaryoda o‘lik itni avtomobiliga bog‘lab sudragan haydovchi javobgarlikka tortilgandi. Boshqa bir holatda esa Toshkent viloyatida mushuklarni qiynoqqa solgan erkak 15 sutkaga qamalgan.

uzbekistanfinessocial mediaviral videolegal consequencesanimal crueltypublic apologyyouth crime