Mahalliy

Instagram’da zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi post joylagan sportchi 24,7 mln so‘mga jarimaga tortildi

Instagram’da 'Kelajakda xotinim faqat aniq zarbalarni qabul qilishi uchun mashq qilyapman' mazmunidagi postni joylagan sportchi Solihjon Ibragimov ma’muriy javobgarlikka tortildi. Sud unga 24,7 mln so‘m jarima tayinlab, huquqbuzarlik sodir etishda foydalanilgan telefonni davlat foydasiga musodara qildi.

Instagram’da zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi post joylagan sportchi 24,7 mln so‘m jarimaga tortildi.

Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha qaroriga ko‘ra, 19 yoshli sportchi Solihjon Ibragimov internet orqali tazyiq va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi material tarqatganlikda aybdor deb topildi. Bu haqda Gazeta sud hujjatini ko‘rib chiqib xabar berdi.

Hujjatda qayd etilishicha, 2026-yil 26-iyul kuni fuqaro Irina Matviyenko ichki ishlar organlariga murojaat qilib, sportchi Instagram’dagi “wr.salaxx” sahifasida zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi videopost joylaganini bildirgan va qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Aniqlanishicha, Solihjon Ibragimov mashg‘ulot jarayoni aks etgan video ostiga “Treniruyus, chtobы moya jena mogla poluchat v buduem tolko chyotkiye udarы” (“Kelajakda xotinim faqat aniq zarbalarni qabul qilishi uchun mashq qilyapman”) degan yozuvni qoldirib, internet orqali tazyiq va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatgan.

Sud majlisida Ibragimov aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan hamda yengillik berishni so‘ragan.

Sud uning harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189−1-moddasi (Tazyiqni, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) alomatlari mavjud deb topib, BHMning 60 baravari — 24 mln 720 ming so‘m miqdorida jarima tayinladi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, huquqbuzarlikni sodir etishda foydalanilgan iPhone 15 Pro Max mobil telefoni davlat foydasiga musodara qilinadi. Qaror ustidan belgilangan tartibda apellyatsiya shikoyati berilishi mumkin.

uzbekistaninstagramfinelegal caseathleteviolence promotioniphone confiscationsocial media abuse