“Andijon polkasi”ni Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish uchun 730 mln so‘m sarflangani ma’lum bo‘ldi
Andijon viloyati hokimligi ushbu pulni mahalliy byudjyetning 2026 yil zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan viloyat madaniyat boshqarmasiga ajratgan.

“Andijon polkasi”ni Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish maqsadida 730 million so‘m sarflangani ma’lum bo‘ldi.
Andijon viloyati hokimining 22-iyun kuni imzolangan qaroriga ko‘ra, “Andijon polkasi”ni Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish bilan bog‘liq xarajatlar uchun viloyat byudjetining 2026-yilgi zaxira jamg‘armasidan 730 million so‘m ajratilgan.
Ushbu mablag‘ viloyat madaniyat boshqarmasiga berilgan bo‘lib, uni maqsadli va samarali ishlatishni ta’minlash boshqarma boshlig‘iga yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, 23-iyun kuni Andijon viloyati markazidagi stadionda “Andijon polkasi” raqsi bilan rekord o‘rnatilgan edi. Tadbirda 20 ming kishi bir vaqtning o‘zida raqsga tushgan.
Ular orasida Asaka tumanidagi 14-maktabning 8-sinf o‘quvchisi, 15 yoshli Farrux Ne’matov ham bor edi. U o‘sha kuni tadbirdan qaytishda o‘zi o‘qiydigan maktab direktori boshqaruvidagi “Damas” avtomobilida avtohalokatga uchrab, shifoxonada vafot etgan.
Marhumning onasi: “Hokimiyatdan kelgan topshiriqni deb, bolamga kuyib o‘tiribman”, degan edi.

