Odam savdosidan jabrlanganlar uchun qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi
“Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Odam savdosidan jabrlanganlarga yordam berish bo‘yicha yangi choralar joriy etilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —
Prezidentning “Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, “Inson” markazi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi (Agentlik) tizimidagi odam savdosidan jabrlanganlarga xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan muassasalar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarga odam savdosidan jabrlangan shaxslarni dastlabki identifikatsiya qilish vakolati beriladi.
Dastlabki identifikatsiya natijasida shaxsga odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs maqomi 1 oygacha, yakuniy identifikatsiya qilish natijasida beriladigan odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan shaxs maqomi esa ko‘pi bilan 1 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.
Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar tomonidan odam savdosidan jabrlangan shaxslarni yakuniy identifikatsiya qilish muddati 10 sutka etib belgilanadi.
2026 yil 1 sentyabrdan boshlab: Agentlikning “1146” qisqa raqamli ishonch telefoni orqali O‘zbekiston hududida odam savdosidan jabrlangan shaxslarning murojaatlari qabul qilinadi, mutaxassislar tomonidan ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy hamda boshqa masalalarda maslahat berish va axborot taqdim etish xizmatlari ko‘rsatiladi;
O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari hamda konsullik muassasalarida odam savdosidan jabrlanganlik holati bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish, ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy va moddiy hamda boshqa masalalarda maslahat berish va axborot taqdim etish xizmatlari ko‘rsatiladigan ishonch telefonlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti va “Samarqand” xalqaro aeroportlarida Migratsiya jamg‘armasi hisobidan sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanilgan holda Migratsiya maslahat byurolari tashkil etiladi.

