O‘zbekistonda bola savdosi uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanadi

O‘zbekistonda bolalar savdosi uchun alohida jinoiy javobgarlik joriy etish taklifi ilgari surildi va Prezident tomonidan ma’qullandi.
3-avgust kuni davlat rahbari alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda imtiyozli transport xizmatlarini raqamlashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi. Shuningdek, odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va ularni reabilitatsiya qilish mexanizmlarini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali mahalla va tuman darajasida odam savdosidan jabrlangan shaxslarning holatini baholash va ularni tegishli xizmatlarga yo‘naltirish tizimi joriy etiladi.
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda uning hududiy bo‘linmalari Ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish respublika markazi va hududiy markazlari deb qayta nomlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridagi hududiy markazlarda odam savdosidan jabrlangan ayollar va ularning voyaga yetmagan farzandlarini qabul qilish hamda ularga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi, buning uchun qo‘shimcha 40 ta o‘rin yaratiladi.
Shu bilan birga, bola savdosi uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilash, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan shaxslarning mehnat va tashqi migratsiya xizmatlari bilan shug‘ullanish huquqini cheklash, shuningdek, ko‘rsatilayotgan xizmatlarni muntazam monitoring qilish taklif etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, yangi xizmatlarni joylarda sifatli yo‘lga qo‘yish va belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

