Mahalliy

Nogironligi bo‘lgan bolalar o‘qiyotgan nodavlat maktablarga subsidiya beriladi

Nogironligi bo‘lgan bolalar ta’lim olayotgan nodavlat maktablarga subsidiya berilishi ko‘zda tutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan va odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, imtiyozli transport xizmatlarini raqamlashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 168 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan bola istiqomat qiladi. Ularning 133,8 ming nafari ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlangan bo‘lsa, yana 34,6 ming nafar bolani ta’lim tizimiga jalb etish zarur.

Shu maqsadda, 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab Xorazm va Navoiy viloyatlarida ijtimoiy xodimlar ishtirokida har bir bolaning ehtiyojlarini erta va kompleks baholash tizimi tajriba tariqasida joriy etiladi.

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab maxsus maktablarda ta’lim har bir bolaning ehtiyojlari va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tuziladigan individual o‘quv rejalari asosida tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalarning yashash joyiga yaqin hududda ta’lim olishini ta’minlash maqsadida korreksion sinflar tashkil etgan nodavlat maktablarga har bir o‘quvchi uchun subsidiya ajratish taklif qilindi. Bundan tashqari, har yili kamida 50 ta maktabning inklyuziv ta’lim muhitini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari grant asosida moliyalashtiriladi.

2027-yildan boshlab nogironligi bo‘lgan bolalarni matnni o‘qish qurilmalari, Brayl displeylari, ovoz sintezatorlari va boshqa assistiv vositalar bilan vaucher asosida ta’minlash ham rejalashtirilmoqda.

Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, ularni sifatli amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.

educationuzbekistansocial servicessubsidieschildren with disabilitiesspecial needsinclusive educationpresidential decree