Mahalliy

O‘zbekistonda davlat va nodavlat ta’lim muassasalari uchun yagona xavfsizlik talablari tasdiqlandi

O‘zbekistonda davlat va nodavlat ta’lim muassasalari uchun yagona xavfsizlik talablari tasdiqlandi. Bu Vazirlar Mahkamasining 31-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari, shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallarida xavfsizlikni ta’minlashning yagona tizimi joriy etiladi.

Qarorga muvofiq, ta’lim muassasalarida qo‘riqlash faoliyatini tashkil etish, kirish-chiqishni nazorat qilish, videokuzatuv, yong‘in xavfsizligi, ogohlantirish tizimlari hamda favqulodda vaziyatlarda harakat qilishning yagona talablari belgilangan. Ushbu hujjat davlat ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim tashkilotlari va xorijiy OTM filiallariga tatbiq etiladi.

Tasdiqlangan nizomga ko‘ra, ta’lim muassasalari o‘quvchilar soniga qarab toifalarga ajratiladi va xavfsizlik choralari ham shu asosda tashkil etiladi. Hududlar videokuzatuv kameralari, kirishni nazorat qilish tizimlari, signalizatsiya, yong‘in haqida ogohlantirish vositalari hamda favqulodda aloqa vositalari bilan jihozlanadi.

Shuningdek, ta’lim muassasalarida tashrif buyuruvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish, transport vositalarining kirib-chiqishini nazorat qilish, qo‘riqlash postlarini tashkil etish va ichki tartib qoidalarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda xodimlar va o‘quvchilarning harakatlari bo‘yicha aniq tartib ham belgilangan.

Qaror bilan 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ham tasdiqlangan. Unga ko‘ra, ta’lim muassasalarida xavfsizlik infratuzilmasini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, “Xavfsiz ta’lim” axborot tizimini joriy etish, videokuzatuv tizimlarini kengaytirish hamda qo‘riqlash xodimlari malakasini oshirish ishlari amalga oshiriladi.

Avvalroq, O‘zbekiston oliygohlarida yangi o‘quv yilidan boshlab talabalar uchun yakuniy imtihonlar videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan auditoriyalarda o‘tkazilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Bu ko‘zda tutilgan qaror loyihasi 12-avgustga qadar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Loyihada qayd etilishicha, oliy ta’lim tashkilotlarida talabalar bilimini baholash jarayonining shaffofligini ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, talabalarning bilim va ko‘nikmalarini xolis va adolatli baholash, ularning ijodiy va mustaqil fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning mas’uliyatini oshirish hamda xalqaro tajribaga asoslangan zamonaviy baholash tizimini joriy etish maqsad qilingan.

anti-corruptionuzbekistansafety regulationsvideo surveillanceeducation securityemergency protocolseducational institutionsexam transparency