O‘zbekistonda bog‘chalarda ishlayotgan pedagoglar uchun dual ta’lim tartibi joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonda bog‘chalarda ishlayotgan pedagoglar uchun dual ta’lim tizimi joriy etilishi mumkin. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi oliy ta’lim muassasalarida maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun o‘quv jarayonini dual ta’lim shaklida tashkil etish tartibini tasdiqlashni taklif qildi.
Loyihaga ko‘ra, dual ta’lim 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-iyundagi 321-son qarori bilan belgilangan pedagogika oliy ta’lim muassasalarida joriy etiladi. Bu tizim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar, jumladan, tarbiyachi yordamchilari uchun mo‘ljallangan.
Nizomga muvofiq, talabalar haftaning dushanbadan jumagacha bo‘lgan kunlari ishlayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotida amaliy faoliyat bilan shug‘ullanadi. Shu bilan birga, LMS platformasi orqali mustaqil ta’lim materiallarini o‘zlashtiradi. Shanba kuni esa oliy ta’lim muassasasida professor-o‘qituvchilar ishtirokidagi auditoriya mashg‘ulotlarida qatnashib, nazariy bilimlarini mustahkamlaydi. Dual ta’limda o‘qish muddati 4 yil etib belgilanmoqda.
Loyihada oliy ta’lim muassasasi, maktabgacha ta’lim tashkiloti va talaba o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuzish tartibi ham joriy etilmoqda. Unda tomonlarning huquq va majburiyatlari, mehnat intizomi, xavfsizlik, monitoring, baholash va nizolarni hal etish mexanizmlari belgilanadi.
Talabaning amaliy faoliyatiga bog‘cha direktori o‘rinbosari yoki mas’ul xodim mentor sifatida rahbarlik qiladi. Oliy ta’lim muassasasi esa har 30 nafar talabaga bittadan amaliyot rahbarini biriktiradi. O‘quv-metodik materiallar, videodarslar, topshiriqlar va baholash jarayonlari LMS platformasi orqali tashkil etiladi.
Hujjat loyihasida mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda talabaning boshqa maktabgacha ta’lim tashkilotiga 60 kun ichida ishga joylashib, o‘qishini davom ettirishi mumkinligi ham nazarda tutilgan.
Shuningdek, talabalar har semestrda bir marta oliy ta’lim muassasasidagi o‘quv sessiyasiga chaqiriladi. Sessiyada ishtirok etish uchun ularga ish joyidan o‘rtacha ish haqi saqlangan holda 7 kalendar kunlik qo‘shimcha ta’til beriladi. Bitiruv malakaviy ishini himoya qilish va yakuniy davlat attestatsiyasida qatnashish uchun esa 14 kalendar kungacha haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Hukumat 29-iyuldagi qarori bilan boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat tizimini joriy etish tartibi belgilangandi. 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab B+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega, boshlang‘ich sinflarda dars beruvchi o‘qituvchilarga sertifikat amal qiladigan davr mobaynida davlat byudjeti hisobidan lavozim maoshiga har oy 15 foiz ustama to‘lanadi.

