Boshpanasiz shaxslar uchun vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlari tashkil etiladi

O‘zbekistonda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini tubdan o‘zgartirish rejalashtirilmoqda. Bu boradagi takliflar prezidentga taqdim etildi.
Hozirda respublika bo‘yicha 726 o‘ringa mo‘ljallangan 11 ta reabilitatsiya markazi faoliyat yuritmoqda. 2026-yilning birinchi yarmida ularga 1,1 ming nafar shaxs joylashtirilgan.
Taklifga ko‘ra, amaldagi reabilitatsiya muassasalari vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlariga aylantiriladi. Boshpanasiz shaxslar ushbu markazlarga o‘z murojaati asosida, “mahalla yettiligi”ning xulosasi yoki ijtimoiy xodim hamda profilaktika inspektori ko‘magida joylashtiriladi.
Har bir fuqaro uchun individual reja ishlab chiqilib, hujjatlarini tiklash, tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, kasbga o‘qitish hamda ishga joylashtirish choralari belgilanadi.
Shuningdek, markazlarda bandlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘linmalari tashkil etilishi, tadbirkorlarga bo‘sh joylar imtiyozli shartlarda ijaraga berilishi rejalashtirilmoqda. Boshpanasiz shaxslarga kasb-hunarga o‘qish uchun vaucher ajratish, ularni ijtimoiy ehtiyojmand toifaga kiritish hamda ular uchun ish o‘rinlarini zaxiralash ham taklif etilgan.
Bundan tashqari, nodavlat tashkilotlarga davlat ijtimoiy buyurtmalarini joylashtirish orqali boshpanasiz shaxslarni vaqtinchalik boshpana, issiq ovqat va kiyim-bosh bilan ta’minlash qamrovini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, ularni joylarda sifatli amalga oshirish va ijrosini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Ushbu yig‘ilishda 11 toifadagi fuqarolarga havo, temiryo‘l va shaharlararo transportda bepul yurish yoki 50 foizlik chegirma berilishi ham taklif qilingandi. Bunda amaldagi qog‘oz talonlardan voz kechilib, chipta xarid qilish uchun ID karta yoki biometrik pasportni taqdim etishning o‘zi kifoya qiladi.
Qayd etilishicha, fuqarolarning imtiyozga egaligi “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali avtomatik tekshiriladi. Bu esa qog‘oz hujjatlar aylanishini kamaytirish va imtiyozlardan foydalanish jarayonini soddalashtirishga xizmat qiladi.

