O‘zbekistonda YTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy soliq to‘lash tartibini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi
IMV huzuridagi institut YTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun oyiga 163,2 ming so‘mlik yagona ijtimoiy soliq joriy etishni taklif qildi. O‘zini o‘zi band qilganlar uchun to‘lov 4,45 baravar oshishi, YTTlar uchun esa 2,7 baravar kamayishi mumkin. Yangi tartibni bosqichma-bosqich joriy etish taklif qilinmoqda.

O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlar (YTT) va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliq to‘lash tartibini qayta ko‘rib chiqish taklifi ilgari surildi. Bu tashabbus Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish, fiskal tahlil instituti tomonidan 30-iyul kuni o‘tkazilgan fiskal muloqotda taqdim etildi. Institut ushbu ikki toifa uchun ijtimoiy soliq to‘lashda yagona yondashuvni joriy etishni taklif qilmoqda.
Hozirda YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun soliq bazasi bir xil – bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 barobari (412 ming so‘m, 1-sentabrdan 440 ming so‘m). Biroq, to‘lovlar davriyligi turlicha. Soliq kodeksining 408-moddasi 1-qismiga ko‘ra, YTTlar har oyda kamida 1 BHM miqdorida, ya’ni yiliga 5,28 mln so‘m ijtimoiy soliq to‘lashi shart. Xuddi shu moddaning 2-qismiga binoan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar mehnat stajiga qo‘shilishi uchun yiliga 1 BHM miqdorida ijtimoiy soliqni ixtiyoriy ravishda to‘lashi mumkin. BHM oshirilgandan so‘ng ularning yillik to‘lovi 440 ming so‘mni, oyiga esa taxminan 36,7 ming so‘mni tashkil etadi.
Shu sababli, taqdimotda qayd etilishicha, YTT uchun soliq yuki o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga nisbatan 12 baravar yuqori. Ma’lumot uchun, YTTlar besh nafargacha xodimni ishga yollashi va chakana savdo bilan shug‘ullanishi mumkin, o‘zini o‘zi band qilganlar esa bunday imkoniyatlarga ega emas. Shuning uchun bu toifalar o‘rtasidagi majburiy ijtimoiy to‘lovlar miqdoridagi farq qisman YTTlarning kengroq faoliyat ko‘lami bilan izohlanadi.
Institut to‘lovlar miqdorida katta farq bo‘lgan ikki parallel rejimdan voz kechib, o‘zini o‘zi band qilganlarning yagona toifasiga o‘tishni tavsiya qildi. Xalqaro amaliyotda badallar odatda deklaratsiya qilingan daromad yoki eng kam ish haqiga bog‘lanadi. Shu bois, minimal ijtimoiy soliqni BHMdan emas, balki mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan (MHEKM) kelib chiqib hisoblash taklif etilmoqda.
Taklifga ko‘ra, to‘lov Soliq kodeksining 405-moddasida nazarda tutilgan ijtimoiy soliqning bazaviy stavkasi – MHEKMning 12 foizini tashkil etishi mumkin. MHEKM 1,36 mln so‘m bo‘lganida bu oyiga 163,2 ming so‘m yoki yiliga qariyb 1,96 mln so‘mni tashkil qiladi. Bu o‘zini o‘zi band qilganlar uchun hozirgi ixtiyoriy to‘lovga (oyiga taxminan 36,7 ming so‘m) nisbatan taxminan 4,45 baravar ko‘p. Ayni paytda, taklif etilayotgan summa BHM oshirilgandan keyin YTTlar to‘laydigan minimal to‘lovdan 2,7 baravar kam.
Institut mazkur maqsadli to‘lovni bir vaqtning o‘zida joriy etmaslikni taklif qilmoqda. Birinchi bosqichda oylik badal taxminan 50 ming so‘mni tashkil etishi mumkin. Keyin esa belgilangan jadval asosida uni bosqichma-bosqich 163,2 ming so‘mga yetkazish taklif etilmoqda.
Ushbu tashabbus institutning tahliliy taklifi bo‘lib, qabul qilingan qaror yoki qonun loyihasi maqomiga ega emas. 2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, mamlakatda 375,1 ming nafar YTT faoliyat yuritgan. O‘zini o‘zi band qilganlar soni esa turli ma’lumotlarga ko‘ra, 2,8 mln yoki 5,5 mln nafarni tashkil etadi.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, ijtimoiy soliqni qayta ko‘rib chiqishda tenglik tamoyili nafaqat YTT va o‘zini o‘zi band qilganlarga, balki imtiyoz yoki 1 foizlik pasaytirilgan stavkadan foydalanayotgan korxonalarga ham tatbiq etilishi kerak. U kamida shunday imtiyozga ega subyektlar uchun ham yer solig‘i va mol-mulk solig‘ini to‘lash tartibiga o‘xshash minimal majburiy to‘lov joriy etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi. "Qudrat faqat zaiflarga va kichiklarga emas, kuchlilarga va korchalonlarga ham birdek ishlatilsagina adolatga aylanadi. Shunda bu adolatga ishonch yaraladi", – dedi iqtisodchi.
Iyul oyi o‘rtalarida hukumat o‘zini o‘zi band qilganlar uchun pensiya badallarini ham majburiy qilishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Hozirda O‘zbekistonda 2,8 mln nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs ro‘yxatdan o‘tgan, biroq ulardan faqat taxminan 800 ming nafari, ya’ni 30 foizi tegishli badallarni ixtiyoriy ravishda to‘lamoqda. Amaldagi tartibga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari – 412 ming so‘m to‘lab, pensiya tayinlash uchun bir yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi mumkin.

