Mahalliy

O‘zbekistonda ijtimoiy normadan oshgan isitish tarifini 5,1 baravarga oshirish taklif qilindi

O‘zbekistonda isitish tizimi uchun imtiyozli to‘lovni faqat bir xonadon uchun 60 kv. m yoki har bir yashovchi uchun 16 kv. m maydon chegarasida saqlab qolish taklif etildi. Normadan ortiqcha maydon uchun bazaviy tarif bo‘yicha amaldagi to‘lovdan 5,1 baravar yuqori narxda to‘lov undirish nazarda tutilmoqda.

O‘zbekistonda isitish tariflarini ijtimoiy normadan oshgan iste’mol uchun 5,1 baravarga oshirish taklifi ilgari surildi. Bu tashabbus Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti tomonidan issiqlik ta’minotini subsidiyalash tizimini o‘zgartirish maqsadida 30-iyul kuni fiskal muloqotda taqdim etildi.

Institut barcha iste’molchilarga tariflarni kompensatsiya qilish o‘rniga, ehtiyojmand xonadonlarga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatishga o‘tishni taklif qilmoqda. Taqdimotga ko‘ra, 2026-yilda respublika bo‘yicha issiqlik ta’minoti uchun subsidiyalarning umumiy hajmi 3,8 trln so‘mni tashkil etadi, shundan 2,9 trln so‘mi (77 foizi) Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.

Hozirda aholi 1 Gkal uchun 711,6 ming so‘m bo‘lgan bazaviy tarifning 20 foizidan kamini to‘laydi, qolgan qariyb 80 foizi budjetdan qoplanadi. Taklif mualliflarining ta’kidlashicha, Toshkent shahrining markazlashgan issiqlik ta’minoti asosan budjet kompensatsiyalari hisobidan moliyalashtiriladi, boshqa hududlarda esa isitish xarajatlarini asosan xonadonlarning o‘zlari qoplaydi.

Institut amaldagi tizimning kamchiligi sifatida manzillilikning yo‘qligini ko‘rsatmoqda, chunki subsidiyalar iste’molchilarning daromadlari va mulkiy holatidan qat’i nazar ajratilmoqda. Shuningdek, yuridik shaxslar uchun turli tariflar qo‘llaniladi: budjet tashkilotlari 1 Gkal uchun 952,8 ming so‘m to‘laydi, boshqa yuridik shaxslar uchun esa tarif 342,3 ming so‘mni tashkil etadi.

Institut iste’molning ijtimoiy normasini bosqichma-bosqich joriy etishni taklif qilmoqda. Imtiyozli to‘lov tartibi bir xonadon uchun 60 kv. m maydonga yoki ro‘yxatdan o‘tgan har bir yashovchi uchun 16 kv. m maydonga tatbiq etilishi mumkin. Ijtimoiy normadan ortiqcha maydon uchun bazaviy tarif bo‘yicha, ya’ni aholi uchun amaldagi tarifdan (Gkal uchun 139 860 so‘m) 5,1 baravar yuqori narxda to‘lash taklif qilinmoqda.

Ikkinchi va undan keyingi turar joylarni ham bosqichma-bosqich bazaviy tarifga o‘tkazish, to‘lov ulushini 40 foizdan 100 foizgacha oshirish taklif etilmoqda. Yuridik shaxslar uchun bazaviy tarif ulushini dastlab 60 foizdan 80 foizgacha, so‘ngra 100 foizgacha bosqichma-bosqich oshirish taklif qilinmoqda.

Oraliq istiqbolda institut tarif subsidiyalaridan voz kechish va Ijtimoiy himoya yagona reyestri orqali ehtiyojmandlarga manzilli pul yordami ko‘rsatishga o‘tishni taklif etmoqda. Shu bilan birga, aholining salmoqli qismi uchun to‘lov tartibi o‘zgarmasligi mumkin. Taqdimotga ko‘ra, Toshkent shahridagi xonadonlarning 45,4 foizining maydoni 60 kv. m dan oshmaydi, shu sababli ularga amaldagi to‘lov shartlari tatbiq etilishda davom etadi.

Tariflarning besh baravar oshishi mumkinligi haqidagi xabarlardan so‘ng, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlil instituti taqdim etilgan taklif uning xodimlarining tahliliy ishlanmasi ekanini va u rasmiy qaror, normativ hujjat yoki qonun loyihasi maqomiga ega emasligini aniqlashtirdi. Amaldagi tariflar va issiqlik ta’minoti uchun to‘lov tartibi o‘zgarmadi.

Institut bu tashabbus to‘lovni yoppasiga oshirishni emas, balki barcha iste’molchilarni subsidiyalashdan ehtiyojmandlarni manzilli qo‘llab-quvvatlashga o‘tishni nazarda tutishini qayd etdi. Imtiyozli tarifni ijtimoiy norma chegarasida — bir xonadon uchun 60 kv. m yoki ro‘yxatdan o‘tgan har bir yashovchi uchun 16 kv. m miqdorida saqlab qolish taklif etilmoqda. To‘rt kishilik oila uchun norma 64 kv. m ni tashkil qiladi.

Institut baholashicha, bunday yondashuvda Toshkent shahridagi maydoni 60 kv. m gacha bo‘lgan 45,4 foiz xonadonlar uchun to‘lov tartibi o‘zgarmaydi. Oraliq istiqbolda ehtiyojmand oilalarga Ijtimoiy himoya yagona reyestri orqali manzilli pul yordami ko‘rsatish taklif qilinmoqda.

Tadqiqot ekspertlar muhokamasi uchun “Fiskal muloqot"da taqdim etilgan va budjet tomonidan qo‘llab-quvvatlashni yanada adolatli taqsimlashning mumkin bo‘lgan usullarini baholashga qaratilgan.

2024-yil dekabr oyida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov issiqlik ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat elektr energiyasi va gazga qaraganda bir oz murakkabroq ekanini, buning sababi isitishning bozor qiymati va amaldagi tariflar o‘rtasidagi “katta farq” ekanini aytgan edi. U eskirgan va ko‘p energiya sarflaydigan uskunalar hamda hisoblagichlarning yo‘qligi bilan bog‘liq muammolarni ko‘rsatib o‘tgandi.

2025-yil iyul oyida “Issiqlik ta’minoti” raisi Ilhom To‘rayev O‘zbekistonda 2030-yilga borib isitish va issiq suv uchun subsidiyalar to‘liq bekor qilinishini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tariflar yiliga bir yoki ikki marta oshiriladi. U bu subsidiyalar hajmini bosqichma-bosqich qisqartirish imkonini berishini ta’kidlagan.

uzbekistaneconomic reformsubsidiesheating tariffssocial normstargeted social assistanceutility costsfiscal policy