Quyosh panellarini o‘rnatgan 68 mingdan ortiq fuqaroga 330 mlrd so‘mdan ziyod subsidiya berildi
Eng ko‘p subsidiya Buxoro, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan

O‘zbekistonda 68 mingdan ziyod fuqaroga quyosh panellari uchun 330 milliard so‘mdan ortiq subsidiya ajratildi.
2024-yilning yanvaridan iyunigacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda o‘z xonadonlariga quyosh panellarini o‘rnatgan 68,6 ming nafar jismoniy shaxsga davlat budjetidan jami 330 milliard 822,7 million so‘m miqdorida subsidiya berildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Qo‘mita xabariga ko‘ra, faqatgina joriy yilning iyun oyida fuqarolarga 100 milliard 715,1 million so‘m subsidiya to‘langan.
Eng ko‘p subsidiya quyidagi hududlarga to‘g‘ri kelgan:
* Qashqadaryo viloyati: 20,5 milliard so‘m
* Farg‘ona viloyati: 19,8 milliard so‘m
* Buxoro viloyati: 19,5 milliard so‘m
* Xorazm viloyati: 18,5 milliard so‘m
Shuningdek, Samarqand viloyatiga 17,9 milliard so‘m, Toshkent shahriga 18 milliard so‘m, Toshkent viloyatiga 15,9 milliard so‘m, Namanganga 13 milliard so‘m, Andijonga 6,2 milliard so‘m, Surxondaryoga 5,5 milliard so‘m, Jizzaxga 4,8 milliard so‘m va Sirdaryoga 3,6 milliard so‘m subsidiya ajratilgan.
Fuqarolar subsidiya mablag‘larini "Soliq" mobil ilovasidagi "Keshbek va imtiyozlar" xizmati orqali bank kartalariga o‘tkazib olishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 1-apreldan boshlab "Quyoshli xonadon" dasturi doirasida o‘z xonadonlariga quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan har bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 1000 so‘mdan subsidiya berib kelinmoqda.

