Quyosh panellari uchun 330,8 mlrd so‘m subsidiya ajratildi
«Quyoshli xonadon» dasturi bo‘yicha to‘lovlar hajmi yana o‘sdi. Eng katta mablag‘ qaysi hududlar hissasiga to‘g‘ri

Quyosh panellari uchun 330,8 mlrd so‘m miqdorida subsidiya ajratildi. Soliq qo‘mitasining xabariga ko‘ra, 2026-yilning yanvaridan iyunigacha bo‘lgan davrda "Quyoshli xonadon" dasturi orqali 68,6 ming nafar jismoniy shaxs davlat budjetidan jami 330,8 mlrd so‘mdan ziyod subsidiya oldi.
Ushbu mablag‘lar elektr tarmoqlariga uzatilgan quyosh energiyasi uchun to‘langan. Faqatgina 2026-yil iyun oyining o‘zida foydalanuvchilarga 100,7 mlrd so‘mlik subsidiya berilgan.
Mazkur davrda "Quyoshli xonadon" dasturi ishtirokchilari soni ham sezilarli darajada oshgan. Yanvar-iyun oylarida dasturdan foydalanganlar soni 68,6 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, iyun oyida bu ko‘rsatkich 61,1 ming nafarga yetgan.
Subsidiyalarning eng katta qismi Buxoro viloyatiga to‘g‘ri keldi, bu yerda olti oy davomida 61,9 mlrd so‘m subsidiya to‘langan. Keyingi o‘rinlarda Xorazm viloyati 60,5 mlrd so‘m va Qashqadaryo viloyati 37,3 mlrd so‘m bilan qayd etildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 38,9 mlrd so‘m, Navoiy viloyatida 25,3 mlrd so‘m va Farg‘ona viloyatida 22,1 mlrd so‘m subsidiya ajratildi.
Eng kam mablag‘lar Sirdaryo viloyatida (3,6 mlrd so‘m), Jizzax viloyatida (4,8 mlrd so‘m) hamda Surxondaryo viloyatida (5,5 mlrd so‘m) qayd etildi.
Ma’lumot uchun, 2023-yil 1-apreldan boshlab "Quyoshli xonadon" dasturi doirasida uyiga quyosh panellari o‘rnatgan jismoniy shaxslarga yagona elektr energetikasi tizimiga uzatilgan har bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 1000 so‘m miqdorida davlat subsidiyasi ajratib kelinmoqda.

