Chet elda odam savdosi qurboni bo‘lgan o‘zbekistonliklarga ishonch telefonlari yo‘lga qo‘yiladi

**O‘zbekistonliklarga chet elda odam savdosi qurboni bo‘lganlar uchun ishonch telefonlari joriy etiladi**
O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsulliklarida odam savdosi qurbonlari uchun maxsus ishonch telefonlari ishga tushiriladi. Bu haqda Prezidentning 3-avgustdagi farmonida belgilangan.
"Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab Ijtimoiy himoya milliy agentligi 1146 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali O‘zbekiston hududida odam savdosidan jabrlangan shaxslarning murojaatlarini qabul qiladi. Mutaxassislar ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy va boshqa masalalarda maslahat berish hamda axborot taqdim etish xizmatlarini ko‘rsatadi.
Shu sanadan boshlab O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari, shuningdek, konsullik muassasalarida odam savdosidan jabrlanganlik holati bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish, ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy, moddiy va boshqa masalalarda maslahat berish hamda axborot taqdim etish xizmatlarini ko‘rsatadigan ishonch telefonlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti va Samarqand xalqaro aeroportlarida Migratsiya jamg‘armasi hisobidan sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda Migratsiya maslahat byurolari tashkil etiladi.
Farmonga ko‘ra, "Inson" markazi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi odam savdosidan jabrlangan shaxslarga xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan muassasalarga, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarga odam savdosidan jabrlangan shaxslarni dastlabki identifikatsiya qilish vakolati beriladi.
Dastlabki identifikatsiya natijasida shaxsga odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs maqomi 1 oygacha, yakuniy identifikatsiya qilish natijasida beriladigan odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan shaxs maqomi esa ko‘pi bilan 1 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.
Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar tomonidan odam savdosidan jabrlangan shaxslarni yakuniy identifikatsiya qilish muddati 10 sutka etib belgilanadi.
3-avgust kuni Prezident Ijtimoiy himoya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqqan edi. Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va reabilitatsiya qilish mexanizmlarini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi. 2026-yil 1-sentyabrdan "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali mahalla va tuman darajasida odam savdosidan jabrlangan shaxslarning holatini baholash va tegishli xizmatlarga yo‘naltirish tizimi joriy etilishi aytildi. O‘zbekistonda bola savdosi uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilash ham taklif etildi.

