Mahalliy

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan kommunal xoʻjaligi xodimi faxriy unvoni taʼsis etilishi mumkin

Oʻzbekistonda "Xizmat koʻrsatgan kommunal xoʻjaligi xodimi" faxriy unvoni taʼsis etilishi mumkin. Bu haqda Senatning 8-avgustdagi yalpi majlisida maʼqullangan "Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan kommunal xoʻjaligi xodimi faxriy unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida"gi qonunda belgilangan.

Majlisda taʼkidlanishicha, kommunal xoʻjaligi sohasi mustaqil tarmoq sifatida jadal rivojlanayotgan boʻlsa-da, bu sohada koʻp yillik samarali mehnat qilayotgan xodimlarni davlat darajasida ragʻbatlantirish tizimini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan. Shu sababli amaldagi "Oʻzbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat koʻrsatgan xodim" faxriy unvoni oʻrniga "Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan kommunal xoʻjaligi xodimi" faxriy unvoni taʼsis etilmoqda.

Qonunga koʻra, ushbu faxriy unvon kommunal xoʻjaligi sohasini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan, koʻp yillik samarali mehnati, yuksak kasbiy mahorati, tashabbuskorligi va fidokorligi bilan aholiga koʻrsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirishga alohida hissa qoʻshgan xodimlarga beriladi.

Shuningdek, qonun bilan yangi faxriy unvon koʻkrak nishonining tavsifi ham tasdiqlanmoqda. Unda kommunal xoʻjaligi sohasining oʻziga xos xususiyatlarini ifodalovchi ramzlar aks ettirilgan boʻlib, bu davlat mukofotining mazmun-mohiyatini yanada boyitishga xizmat qiladi.

Qonunchilik palatasining 1-iyundagi majlisida qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirining o‘rinbosari Ozoda Joʻrayeva kommunal xoʻjaligi sohasi xodimlari kecha-yu kunduz, dam olish va bayram kunlarida ham aholiga xizmat qilishini, avariyalar, tabiiy ofatlar yoki favqulodda holatlarda ham ular birinchi boʻlib muammoni bartaraf etishga kirishishini ta’kidlagandi. Ular koʻpincha ogʻir mehnat sharoitida ishlashini, shunga qaramay, oʻz vazifasiga sadoqat bilan yondashishini, bu mehnat doimo ham yetarlicha eʼtirof etilmasligini aytgandi.

Senatorlarning taʼkidlashicha, mazkur qonunning qabul qilinishi kommunal xoʻjaligi sohasida mehnat qilayotgan xodimlarning fidokorona mehnatini munosib qadrlash hamda ularning kasbiy nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koʻp qavatli uylarda xizmat koʻrsatuvchi boshqaruv organlarida 19 ming nafar, shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalarida 25 mingdan ortiq xodim, suv taʼminoti tashkilotlarida 31 million nafar aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun 10 million metr kub sutka quvvatiga ega boʻlgan 11 435 ta inshoot, 1390 ta suv taqsimlash uzeli va 108 ming kilometr tarmoqlarni doimiy ishlashi uchun 27 ming nafar, 761 mingdan ziyod xonadonli 16 610 ta koʻp kvartirali uy va 2543 ta ijtimoiy soha obyektini markazlashgan issiqlik energiyasi bilan taʼminlovchi 560 ta qozonxonada 4000 kilometr issiqlik tarmoqlarini samarali ishlashi uchun 7000 nafar xodim mehnat qilib kelmoqda.

employee recognitionuzbekistanlegislationpublic utilitiescommunal serviceshonorary titlesenateprofessional prestige