Xonadonlarga kirish bo‘yicha topshiriq berilmagan — Mahallalar uyushmasi uyma-uy yurgan mas’ullar haqida

Xonadonlarga kirish bo‘yicha ko‘rsatma berilmagan – Mahallalar uyushmasi uyma-uy yurgan mas’ullar haqida
Shahrisabz tumani hokimining fuqaro uyiga kirib, xonadonning sanitariya holatini tanqid qilgani va jarima solishni buyurgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu holat yuzasidan “Daryo”ga izoh bergan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi xonadonlarga kirish va aholini so‘roqqa tutish kabi harakatlar qonunga zid ekanligini ma’lum qildi.
“Prezidentimizning 16-iyuldagi selektor yig‘ilishidagi topshiriqlaridan kelib chiqib, mahallalarda ko‘ngillilar ishtirokida obodonlashtirish tadbirlari tashkil etilmoqda. Bu tadbirlar dam olish kunlari, kunning iliq paytida ham o‘tkazilmoqda. Ammo xonadonlarga kirish, aholini so‘roqqa tutish kabi holatlar bo‘yicha uyushma tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshiriq berilmagan. Bunday holatlar qonunga zid”, deyiladi xabarda.
**O‘zi nima gap?**
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani hokimining fuqaro uyiga kirib borgan videosi tarqalib, jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgandi. Videoda tuman hokimi xonadonga kirib, uy egasiga yashash joyini qanday tutish kerakligini tushuntirgani, uyning sanitariya holatini tanqid qilib, videotasvir mahallaning Telegram guruhiga tashlanishini aytgani, shuningdek, video so‘ngida jarima solishni buyurgani aks etgan.
Mazkur holat yuzasidan Shahrisabz hokimligi “Daryo”ga izoh berib, bu holat “tushunmovchilik” ekanligini bildirgan. Ma’lum qilinishicha, tuman hokimi aslida nogironligi bor keksa fuqaroning uyiga bormoqchi bo‘lgan, biroq mahalla raisi adashib qo‘shni xonadon eshigini ko‘rsatib yuborgan. Hokimlikka ko‘ra, videotasvirlar tuman hokimligi matbuot xizmati tomonidan tarqatilmagan, balki mahalla yettiligi vakillari tomonidan ishchi guruhning tor doiradagi guruhiga tashlangan.
**“Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi”**
16-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilash yuzasidan videoselektor o‘tkazilgan edi.
Yig‘ilishda 2026-yil O‘zbekistonda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani ta’kidlanib, mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan mahallalarda “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” o‘tkazilishi aytildi. Shuningdek, har bir viloyat, tuman va shahar rahbarlari hududlarda ozodalik hamda obodonlashtirish ishlarini keng ko‘lamda tashkil etishi belgilangan.
Har bir viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari va viloyat tashkilotlari rahbarlari bittadan tumanni, tumanlardagi mas’ullar esa bittadan mahallani olib, bir oy davomida ozodalik va obodonlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni tashkil etishi haqida topshiriq berilgan.
Buning uchun bosh vazir boshchiligida respublika shtabi tuzilishi, hududiy shtablarga hokimlar rahbarlik qilishi belgilangan edi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, obodonlashtirish va obodlik ishlarida mehnatga yarasha rag‘bat bo‘lishi zarurligi ta’kidlanib, yil yakuni bilan ko‘p qavatli uylardagi “Eng orasta xonadon”, mahalladagi “Eng fayzli hovli”, hududdagi “Eng obod ko‘cha” hamda tuman va viloyatdagi “Eng namunali mahalla” nominatsiyalari joriy etilishi va g‘oliblarga soliqlar bo‘yicha imtiyozlar berilishi belgilandi. Xususan, ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar uchun mol-mulk solig‘idan, hovli-joylar uchun esa yer solig‘idan imtiyoz berilishi aytilgandi.

