Shahrisabz hokimi fuqaroning uyiga kirib borib, uni jarimaga tortishni buyurdi (video)

Shahrisabz hokimi fuqaroning uyiga kirib, uni jarimaga tortishni buyurdi (video)
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani hokimining fuqaro uyiga kirib borgan videosi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Videoda tuman hokimi xonadonga kirib, uy egasiga yashash joyini qanday tutish kerakligini uqtirgani, uyning sanitariya holatini tanqid qilib, videoni mahallaning Telegram guruhiga joylashini aytgani aks etgan.
Hokimning so‘zlariga ko‘ra: “Ertaga shu ro‘zg‘orga, masalan, ‘normalni’ odam kelin bermaydi. Bugun kanalga qo‘yiladi hozir. Mana shu mahalla kanalida o‘zingizni ko‘rasiz. Anavi qo‘shningizni ham oldik”.
Mahalla raisi sifatida tanishtirilgan ayol ham fuqaroni o‘z uyida koyiganini ko‘rish mumkin. U shunday degan: “Necha marta mahalla kelib uyingizga aytgan tozalashni?.. Bu yonimizdan so‘rang… Bizning o‘zimiz ushlab olib, gapirganimiz uchun ana shu ko‘chani tozaladi bolalaringiz. Axlat turardi xaltada, to‘g‘rimi, uyingiz oldida? Ana o‘sha xalta axlatini ham tayinlab, o‘g‘lingiz bor katta o‘g‘lingiz, to‘g‘rimi? Nima uchun sizning to‘g‘ri yashashingiz, normalni yashashingiz uchun tashqaridan kimdir kelib aytishi kerak?”
Shuningdek, hokim xonadondagi sharoitni o‘z ro‘zg‘ori bilan solishtirgan va bu uydan hech kim kelin olmasligini ta’kidlagan.
Uy ichkarisiga kirgan hokim fuqaroning tushda dam olishini ham tanqid qilib, o‘zining ishlayotganini misol qilgan. Video so‘ngida hokim ushbu xonadon vakillariga jarima solishni buyurgan.
Hokimning buyrug‘i: “Hozir jarimani urasiz. Ko‘cha, uyini, yashash, axlat, hammasi uchun jarima urasiz. Menga birontasidan men iltimos qildim, kechirim so‘radi degan gap kerak emas menga”.
“Daryo” so‘rovidan so‘ng Shahrisabz hokimligi holat yuzasidan izoh berdi. Ma’lum qilinishicha, tuman hokimi “Shamaton” mahallasida o‘rganishlar davomida serqatnov yo‘l bo‘yidan o‘tayotgan vaqtida devorlari, derazalari va atrofi yantoq hamda boshqa begona o‘tlar bilan qoplanib, tashlandiq uyni eslatuvchi xonadonga eʼtibor qaratgan. Shundan so‘ng mazkur xonadonda hech kim yashamaydimi, deb mahalla fuqarolar yig‘ini raisidan so‘ragan.
Mahalla raisi ushbu uyda nogironligi bo‘lgan keksalar istiqomat qilishini maʼlum qilgan. Hokimlik munosabatiga ko‘ra, Samad Hasanov aslida nogironligi bor keksa fuqaroning uyiga bormoqchi bo‘lgan, ammo MFY raisi adashib, yonma-yon joylashgan qo‘shni xonadon eshigini ko‘rsatgan.
Xabarda shunday deyiladi: “Fuqarolarning holidan xabar olish maqsadida tuman hokimi qaytib kelib, xonadonga kirishga qaror qilgan. Biroq, ikkala xonadon yonma-yon joylashgani va darvozalari bir joyda bo‘lgani sababli mahalla raisi tomonidan yanglish holda qo‘shni xonadon ko‘rsatilgan. Shu bois dastlab ushbu xonadonga kirilgan. Xonadonga kirishdan oldin mahalla raisi hamda tuman hokimi tomonidan xonadon egasidan ruxsat so‘ralgan”.
Shundan so‘ng tuman hokimi xonadon va uning atrofini ozoda saqlash, tomorqadan unumli foydalanish bo‘yicha tavsiya va tushuntirishlar bergan.
Aytilishicha, mazkur tasvirlar tuman hokimligi matbuot xizmati tomonidan olinmagan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilmagan. Aksincha, tuman hokimi tomonidan bunday videotasvirlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirmaslik yuzasidan qatʼiy ko‘rsatma berilgan. Mazkur video mahalla yettilik vakillari tomonidan olingan bo‘lib, tuman hokimligi rasmiy kanallariga emas, balki ishchi guruhning tor doiradagi ish jarayonlari tashlab boriluvchi guruhiga yettilik vakillari tomonidan tashlangan.
Xabarda shunday deyiladi: “Yuzaga kelgan tushunmovchilik mahalla raisi tomonidan xonadonlar yanglish ko‘rsatilgani bilan bog‘liq bo‘lib, hech qanday fuqaroni kamsitish yoki uning shaxsiy daxlsizligini buzish maqsadi ko‘zlanmagan”.

