Shaharni zudlik bilan salqinlatish kerak bo‘lgan bir paytda, hovlilarni tushunarsiz qaysarlik bilan betonlashda davom etishmoqda
Dunyo megapolislari issiqdan himoyalanish va shaharlarni salqinlatish uchun shoshilinch rejalarni qabul qilmoqda. Toshkentda esa 'Obod mahalla' dasturining muvaffaqiyatsiz misollari va prezident tanqidiga qaramay, hovlilar va bolalar maydonchalarini beton bilan qoplash davom etmoqda. Buni kim to‘xtatadi?

Shaharni zudlik bilan salqinlashtirish zarur bo‘lgan bir paytda, hovlilarni betonlash ishlari tushunarsiz qaysarlik bilan davom etmoqda.
Yaqinda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkentning “Lolazor” mahallasida daraxtlar va bolalar maydonchasi yo‘q qilinganini qoralab, buni vahshiylik va jinoyat deb atagan edi. Bir necha kun avval esa “Cho‘lpon” mahallasida keng jamoatchilik e’tirozlaridan so‘ng yashil hovli o‘rtasidagi qurilish to‘xtatilgan edi. Tuman hokimi aholining fikri inobatga olinishini va’da qilgan bo‘lsa-da, bu va’da bajarilmadi.
2021-yilda poytaxt mahallalarini “Obod mahalla” dasturi doirasida “ayovsiz” obodonlashtirish to‘lqini paytida hokimliklar gulzor va oldi bog‘larni yo‘q qilib, panjaralarni kesgan hamda yashil devorlarni sug‘urib tashlab, ularning o‘rnini olib kelingan tuproq bilan yopishgan edi. Hovlilar va bolalar maydonchalari betonlanib, hamma joyga baland bordyurlar o‘rnatilgandi.
Natijada, yozda kunduzi maydonchalar haddan tashqari qizib ketadi, yog‘ingarchilik paytida esa bu yerda kichik ko‘lmaklar hosil bo‘ladi. Bordyurlar esa mashinalar o‘tayotgan vaqtda bolalar uchun xavf tug‘dirmoqda.
O‘sha yili O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Bunchalik baland bordyurlarning nima keragi bor?” deb so‘ragan edi. Aholining fikrini umuman inobatga olmagan “Obod mahalla” muammolari o‘tmishda qolgandek tuyulgandi. Afsuski, unday emas ekan.
Ilgari davlat rahbari “ba’zi rahbarlarning beparvoligi yoki manfaatdorligi sababli [poytaxtning] aholi yashaydigan dahalarida odamlar farzandlari bilan sayr qiladigan, sport bilan shug‘ullanadigan va ochiq havoda hordiq chiqaradigan ochiq maydonlar qolmayotganini” ta’kidlagan edi.
O‘tgan yili “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi bo‘yicha Davlat dasturida “mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarni ko‘kalamzorlashtirish darajasini oshirish, yashash uchun ekologik jihatdan qulay va farovon muhitni shakllantirish” bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan edi.
O‘tgan kuzda prezident topshirig‘iga binoan egallab olingan yashil hududlar va bolalar maydonchalarini “keng ko‘lamda” qaytarish boshlangani haqida xabar berilgan edi. Toshkentda yuzlab ehtimoliy qoidabuzarliklar haqida so‘z borgandi.
Shuncha ko‘p normativ hujjatlar va topshiriqlarga, aholining fikriga quloq solish bo‘yicha berilgan va’dalarga va yildan-yilga kuchayayotgan issiqqa qaramay, tuman hokimliklari tushunarsiz qaysarlik bilan ilgari yashnab turgan yashil hovlilarni beton maydonlarga aylantirishda davom etmoqda.
Ehtimol, ba’zi amaldorlarning “obod mahalla” va “yashash uchun ekologik jihatdan qulay va farovon muhit” haqidagi tushunchasi o‘zgachadir. Lekin, katta ehtimol bilan, ularda bunday tushunchaning o‘zi umuman yo‘q.
Gazeta yozganidek, bir yildan ortiq davom etgan mojarodan so‘ng hovlidagi qurilish to‘xtatilgan “Cho‘lpon” mahallasi aholisi juma kuni yana bong ura boshladi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, futbol maydoni, sobiq mahalla binosi va bolalar maydonchasining bir qismi o‘rnida qazilgan kotlovan ko‘mib tashlangan (poydevor yer ostida qoldirilgan), ammo endi hududning salmoqli qismiga shag‘al to‘kilib, beton quyishga tayyorlanmoqda.
Human House galereyasi asoschisi va mahallada yashovchi Lola Sayfi aholi bilan muhokamalar va tuman hokimi Baxtiyor Rahmonqulovning ularning takliflarini inobatga olish haqidagi va’dasiga qaramay, loyiha bir necha bor o‘zgartirilganini ma’lum qildi.
“Aholi loyihani bir necha kun muhokama qildi. Hokimimiz Baxtiyor Rahmonqulov hammaga hamma narsa aholi so‘raganidek qurilishini aytdi. Oqibatda-chi? Hamma joyni beton qilishyapti”, — deb yozdi u.
“Loyihani muntazam o‘zgartirishmoqda, yashil hududlarni qisqartirishmoqda, ammo negadir stadionni qisqartirib, o‘rniga shashlikxona qo‘ymoqchi bo‘lishyapti”, — dedi u.
Lola Sayfi kuni kecha Saida Mirziyoyeva amaldorlarga yashil shaharni rivojlantirish zarurligi haqida gapirganini eslatdi.
“Do‘stlar, amaldorlarimizga aholiga yashillik, toza havo kerakligini tushuntirish juda qiyin”, — deb yozdi u va yana bir bor Saida Mirziyoyevani vaziyatga aralashishga chaqirdi.
Aholi hokimdan ko‘proq yashil hududlarni nazarda tutishni va keng beton yo‘laklar hamda to‘siqlar qilmaslikni so‘rashganini aytdi.
“Quruvchilar aholini eshitishmayapti. „Yo‘q, bizga boshliq shunday degan“, deyishyapti”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Boshqa bir yashovchining aytishicha, ishlar boshlangunga qadar hovlida sug‘orish tizimiga ega bo‘lgan va qo‘shnilar tomonidan parvarish qilingan gazon bor edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi bolalar maydonchasida tabiiy qoplamani saqlab qolishga harakat qilgan.
“Hokimlik xodimlaridan „Bolalar maydonchasidagi qoplamani tartibga soluvchi o‘sha SHNQni (shaharsozlik normalari va qoidalari — tahr.) ko‘rsating“ deb so‘ray boshlashingiz bilan, bu mavzuda gaplasha boshlashingiz bilanoq orqasiga o‘girilib chiqib ketishadi”, — dedi u.
Bolalar va vorkaut maydonchalari oralig‘ida metall to‘siqlar o‘rnatilishi ehtimoli ham aholida e’tirozlarni keltirib chiqardi.
“Biz to‘siqsiz muhit, to‘siqsiz muhit deyapmiz. Ular esa ikki tomondan metall panjara qilib, o‘rtasiga butalar ekmoqchi”, — dedi shu yerda yashovchi ayol.
Murojaatning yana bir ishtirokchisiga ko‘ra, ilgari bolalar o‘t-o‘landa o‘ynay olishardi. “Bolalar tabiiy maysada yurishardi, yalang-oyoq yugurish mumkin edi. Endi esa hamma joyni betonlamoqchi: vorkaut, bolalar maydonchasi — hammasini. Beton va plastik. Nimaga kerak bu?” — dedi u.
Aholi, shuningdek, loyihada nazarda tutilgan keng (uch metrlik) yo‘lakka ham qarshi chiqdi. “Nima uchun? Bu yerda harbiy texnika bilan parad o‘tkazamizmi? Yoki mashinalar kirishi uchunmi?” — dedi mahallada yashovchi ayol.
Gazeta ilgari yozgan “Turon” mahallasida ham butun hovli beton bilan qoplanib, bolalar maydonchasi ochiq quyoshda qoldirilgan.
Dunyoning istalgan burchagida odamlar o‘z uyi yonida ko‘proq yashillik, daraxtlar va salqin soyalarni ko‘rishni afzal ko‘radilar. Biroq hokimiyat organlari “obodonlashtirish” va “qulay muhit yaratish” niqobi ostida hovli maydonlarini sahroga aylantirib, shaharda yangi “issiqlik orollari”ni hosil qilmoqda. Bu esa nafaqat hovlidagi, balki uylar ichidagi haroratga ham ta’sir o‘tkazmoqda.
Amerikalik arxitektor Kristofer Aleksander “Shablonlar tili” kitobida odamlarga borishlari mumkin bo‘lgan ochiq, yashil va tinch maydonlar kerakligini yozadi. Yon-atrofda shunday joylar bo‘lsa, odamlar ulardan bajonidil foydalanishadi.
Toshkentda bog‘lar haddan tashqari kam. Ko‘rinishidan yashil bo‘lib tuyilgan ko‘plab ko‘chalarda ham quyoshdan pana joy topish qiyin. Qatnov qismi kengaytirilgandan so‘ng yillar davomida birorta ham daraxt ekilmagan butun boshli ko‘chalar bor (masalan, Parkent ko‘chasi).
Aholi yashash massivlaridagi hovlilar aynan shunday yashil va soya-salqin makonlar bo‘lishi mumkin va bo‘lishi shart.
Hokimiyat organlari odamlarga go‘zal muhit yaratishga yordam bersa kifoya, ularning o‘zlari hovli va o‘simliklarni parvarish qilishni xohlab qolishadi, chunki yoqimli makonda yashashdan o‘zlari manfaatdor, deb yozgan edi Gazeta 2021-yilgi “Mashinalarsiz hovlilar. Nega bu normal holat va bunga qanday erishish mumkin?” nomli maqolasida.
Bunday yordam turlaridan biri “obodonlashtirish”ning avvalgi to‘lqinlari tomonidan vayron qilingan oldi bog‘larni (gulzorlarni) qayta tiklashda aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘lishi mumkin. Yer bilan va o‘sish jarayonlari bilan muloqotda bo‘lish inson hayotining muhim tarkibiy qismidir. O‘simliklarni parvarish qilish turli avlodlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi va bolalarda mas’uliyat hissini rivojlantiradi. Ammo hokimiyat organlari tuproq bilan ishlashni yaxshi ko‘radiganlarni bu imkoniyatdan mahrum qildi. Odamlar daxldorlik hissini yo‘qotdilar va vayron qilingan oldi bog‘larni tashlab qo‘ydilar.
Qo‘shnichilik tomorqalari/polizlari dunyo trendiga aylandi. Ular ham odamlarni birlashtiradi, bioxilma-xillikni rivojlantirishga xizmat qiladi va shunchaki hovlilarni go‘zalroq qiladi. Zamonaviy dunyoda bu, shuningdek, masalan, pensionerlardagi yolg‘izlik muammusiga qarshi kurashish imkonini beradi.
Aholi obodonlashtirishning barcha loyihalarida hammuallif bo‘lishlari kerak, axir ular shu yerda yashaydilar. Ochiq muhokamalarda sira istisnosiz barcha yoshdagi odamlar ishtirok etishlari lozim.
Faqat shundagina aholi ushbu loyihalarga o‘z daxldorligini his qiladi. Agar hokimiyat “Biz yaxshiroq bilamiz” tamoyili bo‘yicha harakat qilishda davom etsa, nizolar va noroziliklar davom etaveradi.
So‘nggi yillardagi issiqlik sessiyasi butun dunyodagi megapolislarni shaharlarni “salqinlatish” va aholini yuqori harorat oqibatlaridan himoya qilish bo‘yicha shoshilinch rejalarni qabul qilishga majbur etdi.
London joriy yilda tez-tez kuzatilayotgan issiqlik to‘lqinlariga moslashish bo‘yicha birinchi rejani — Heat Ready London'ni qabul qildi. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, 2022-yilda issiqlik to‘lqinlari shaharga 1,5 milliard funt sterlingga tushgan — bu raqam yuqori haroratning inson salomatligiga, transport, kommunal va favqulodda xizmatlar ishiga ta’siri oqibatlarini, tabiiy yong‘inlar va boshqa yo‘qotishlarni o‘z ichiga oladi.
Yozgi mavsumda 4000 ta qo‘shimcha kasalxonaga yotqizish holati va oldini olish mumkin bo‘lgan 300 ta o‘lim qayd etilgan. 2050-yilga borib Buyuk Britaniya bo‘ylab issiqlik bilan bog‘liq kasalxonaga yotqizish darajasi 3 baravarga oshishi kutilmoqda. 2025-yilda Londonda o‘t o‘chiruvchilar yoz oylarida yuz bergan 86 ta yong‘inni o‘chirishgan.
Rejada uzoq muddatli salqinlik va soyani ta’minlaydigan daraxtlar va yashil hududlar sonini oshirish, suv havzalariga xavfsiz kirishni kengaytirish, turar joylarni modernizatsiya qilish, salqin xonalar va bepul ichimlik suvi joylarini yaratish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot tizimi, shuningdek, muhim infratuzilma, jumladan, transport barqarorligini mustahkamlash rejalashtirilgan.
Nyu Yorkda bahorda meriya shaharning birinchi Shahar o‘rmoni rejasi (Urban Forest Plan) qabul qilinganini e’lon qildi. Hujjat 2040-yilga borib shaharning daraxtlar bilan qoplanish maydonini 23,4 foizdan 30 foizgacha oshirishni maqsad qilgan.
“Qaysi tumanda yashashingizdan qat’i nazar, siz toza havoga, yozgi issiqda soyaga va buyuk shahrimiz salohiyatini aks ettiruvchi ko‘chalarga munosibsiz”, — dedi mer Zoxran Mamdani.
“[Har bir yashovchi biladki,] issiq kunda daraxt soyasi qanchalik orom bag‘ishlaydi… Daraxtlar — o‘zgarayotgan iqlimga moslashishning eng hamyonbop va arzon usullaridan biridir”, — deyiladi meriya xabarida.
Nyu Yorkda daraxtlar yiliga 260 million dollarlik foyda va xizmatlar keltirishi hisoblab chiqildi, jumladan, 1100 tonna havoni tozalash, 8000 ta xonadonning yillik iste’moliga teng energiyani tejash hamda 1,95 million kubometr yomg‘ir suvini shimib olish shular jumlasidandir.
AQShning Harvard biznes maktabida fan doktori (PhD) darajasini olgan birinchi o‘zbekistonlik iqtisodchi Botir Qobilov 2018-yildayoq Gazeta uchun yozgan “Pullar daraxtda o‘sadi” maqolasida shunday degan edi: “Har bir daraxtni saqlab qolish va yashil hududlarni ko‘paytirish Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlari uchun hayot-mamot masalasidir”.
“[Daraxtlar] shunchaki daraxtdan juda katta narsani anglatadi. Ular infratuzilma va jamoat sog‘lig‘ini saqlashning eng muhim qismidir. Aynan shuning uchun ham biz, oxir-oqibat, daraxtlar va bog‘lar haqida qayg‘urishni boshlashimiz kerak”, — deb da’vat qilgan edi u sakkiz yil oldin.
“Daraxtlar shaharlarni Selsiy bo‘yicha 2−8 darajagacha salqinlatishi mumkin. Binolar yaqiniga ekilgan daraxtlar konditsionerlardan foydalanishni 30 foizga qisqartirishi va BMTning Shahar o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, issiqlik energiyasi iste’molini yana 20 foizdan 50 foizgacha kamaytirishi mumkin”, — deb ta’kidlagan edi iqtisodchi.
U turli mamlakatlardagi tadqiqot ma’lumotlarini keltirgan bo‘lib, ular shahar mahallalarida daraxtlarning mavjudligi aholi tomonidan o‘z salomatligini ijobiy baholanishini yaxshilashini, daraxtlar manzarasi esa odamlarga ko‘proq farovonlik va mamnuniyat hissini berishini isbotlagan. Ko‘pchilik odamlar go‘zal bog‘ va daraxtzor yonidagi uy uchun ko‘proq pul to‘lashga tayyor.
“Daraxtlarni kesish hamda bog‘lar va yashil maydonlar hududini qisqartirish orqali biz nafaqat ekologiyani vayron qilamiz, balki aholini kamroq sog‘lom, kamroq baxtli va kamroq boy qilib, odamlar o‘rtasidagi tengsizlikni kuchaytiramiz”, — deb ta’kidlagan edi Botir Qobilov 2021-yilgi “Bog‘larni aholiga qaytaring” nomli boshqa bir maqolasida.
2026-yilda daraxtlarning foydasini hech kimga isbotlashning hojati qolmadi. Shunday ekan, nega aholi hanuzgacha qulay muhitda yashash huquqini himoya qilishga majbur bo‘lmoqda?

