Toshkentning “Oqqo‘rg‘on” mahallasi aholisi “zamonaviy” “mahalla markazi” qurilishiga qarshi chiqmoqda
Gazeta aholisi 'zamonaviy' mahalla qo‘mitasi binosi qurilishiga qarshi chiqayotgan Toshkentdagi yana bir mahalla haqida hikoya qiladi. Ular hokimning yer uchastkasi ajratish haqidagi qarorini bekor qilish talabi bilan sudga murojaat qilgan.

Toshkentning “Oqqo‘rg‘on” mahallasida “zamonaviy” mahalla markazi qurilishiga qarshi aholi noroziligi kuchaymoqda. Bu holat O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining e’tiborini tortdi, PA rahbari Saida Mirziyoyeva poytaxtdagi hovlilarni obodonlashtirish loyihalarining qonuniyligi tekshirilishini e’lon qildi. Gazeta nashri uzoq yillardan buyon aholi va quruvchilar o‘rtasidagi bunday nizolarni yoritib keladi. Yaqinda “Cho‘lpon” mahallasidagi qurilish bekor qilinganidan so‘ng, muxbirimiz Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Oqqo‘rg‘on” mahallasidagi vaziyatni o‘rgandi.
“Oqqo‘rg‘on” mahallasi aholisi bir necha oydan beri yangi “mahalla markazi” qurilishiga qarshilik ko‘rsatmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, qurilish uchun ko‘p qavatli uylarga tutash hududning bir qismi ajratilgan bo‘lib, hozirda u yerda yashil maydon, avtoturargoh va do‘kon joylashgan. Aholi Toshkent shahar hokimining ushbu yer uchastkasini qurilish uchun ajratish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan sudga murojaat qilgan. Davlat idoralarining javoblarida loyihani tayyorlashning turli bosqichlari haqida so‘z yuritilgan bo‘lsa, mahalla raisi qurilishga hali hech kim yakuniy rozilik bermaganini ta’kidlamoqda.
23b-uy boshqaruvchisi va jamoatchilik faoli Gulbahor Kamolovaning aytishicha, aholi qurilish rejalaridan shu yil bahorda xabar topgan. Bungacha loyiha haqida rasmiy ma’lumot bo‘lmagan, mish-mishlar faqat qo‘shnilar o‘rtasida tarqalgan. “Avtoturargoh va do‘konni buzib, o‘rniga nimadir qurishmoqchi ekani haqidagi mish-mishlar qulog‘imizga chalindi. Nima bo‘layotganiga aniqlik kirita boshladik”, – deydi Kamolova.
Hujjatlarni izlash jarayonida aholi vakillari Toshkent hokimining 2025-yil 27-oktabrdagi poytaxtda davlat-xususiy sheriklik asosida namunaviy “zamonaviy” “mahalla markazlari”ni qurish bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi qaroriga duch kelgan. Ushbu hujjatda yangi mahalla binolarini qurish uchun yer uchastkalari ajratish, “mahalla yettiligi” uchun xonalar, majlislar zali, kutubxona, tibbiyot xonasi, bolalar maydonchasi, shuningdek, bepul avtoturargoh va obodonlashtirilgan tutash hududli zamonaviy ko‘p funksiyali markazlarni barpo etish ko‘zda tutilgan. Qarorda loyihani amalga oshirishga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ajratish tegishli mahalla aholisi bilan kelishilishi lozimligi alohida ko‘rsatib o‘tilgan.
Qaror ilovasi bilan tanishgach, aholi Oqqo‘rg‘on 1-berk ko‘chasidagi 60-uy yonida yangi mahalla markazi binosi qurilishi rejalashtirilganidan xabar topgan. Hujjatda qurilish zarurati shaharsozlik me’yorlarida ko‘zda tutilgan xonalar sonining yetarli emasligi bilan asoslangan. Qurilish uchun 0,05 gektar yer ajratish, qolgan hududni esa avtoturargoh va yashil zona sifatida saqlab qolish mo‘ljallangan. Aholining so‘zlariga ko‘ra, aynan shu hududdan ko‘p yillardan buyon bir nechta ko‘p qavatli uylar uchun umumiy hovli sifatida foydalanib kelinadi.
Kamalovaning ta’kidlashicha, 16-mart kuni aholining aksariyati bexabar bo‘lgan yig‘ilish o‘tkazilgan. Amaldagi mahalla qo‘mitasi binosini ko‘chirish va yangi obyekt qurish masalasi ilk bor aynan o‘sha yig‘ilishda muhokama qilingan. “Yig‘ilish bo‘lib o‘tganidan keyin xabar topdik. Bizni hech kim taklif qilmadi. Vaholanki, u yerda mahalla qo‘mitasini ko‘chirish hamda bir nechta uy aholisi har kuni foydalanadigan hududda yangi bino qurish masalasi muhokama qilingan. Bundan kelib chiqadiki, masalani birinchi navbatda unga aloqador bo‘lgan odamlarsiz muhokama qilishga qaror qilishgan”, – deydi u.
Shundan so‘ng aholi aynan shu hudud nima asosida tanlanganini mustaqil ravishda aniqlay boshlagan va davlat idoralariga murojaatlar yo‘llagan. Shu bilan birga, loyihani amalga oshirishga qarshi imzo yig‘ishni tashkil qilishgan. Jamoaviy murojaatnoma ostiga 23, 23a, 23b, 50 va 60-uylarning 128 nafar fuqarosi imzo chekkan.
Asosiy vajlardan biri – bahsli hududdan ko‘p yillardan buyon qo‘shni uylar aholisi foydalanib kelayotgani bo‘ldi. Kamolovaning aytishicha, taxminan besh yil avval garajlar buzib tashlanganidan so‘ng, hovlilarda mashinalar uchun joy yetishmay qolgani sababli, aholi o‘z kuchi va mablag‘i hisobidan bu yerda avtoturargoh barpo etgan.
“Ushbu yer uchastkasi ostidan deyarli butun daha muhandislik infratuzilmasi: gaz quvuri, suv tarmog‘i, kanalizatsiya, elektr kabellari va aloqa liniyalari o‘tgan. Kanalizatsiya quduqlari ham shu yerda joylashgan… Har qanday yangi qurilish bir vaqtning o‘zida bir nechta uyga xizmat ko‘rsatadigan tarmoqlarga qo‘shimcha yuklamani keltirib chiqaradi”, – deya izoh beradi Gulbahor Kamolova. Uning so‘zlariga ko‘ra, kommunal tarmoqlar hali 1960-yillarda yotqizilgan va ancha vaqtdan beri modernizatsiyaga muhtoj. “Mavjud tizim mutlaqo boshqacha qurilish zichligiga mo‘ljallab loyihalashtirilgan. Fikrimizcha, avval muhandislik tarmoqlarini yangilash kerak”, – deya qo‘shimcha qiladi u.
27-aprel kuni aholi Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligidan javob xati oldi. Unda buyurtmachi tomonidan loyiha hujjatlari ishlab chiqilgani va ayni paytda vakolatli tashkilotlarda kelishilayotgani ma’lum qilingan. Hokimlik, shuningdek, qurilish faqat loyiha tasdiqlanib, barcha zarur ruxsatnomalar olingandan keyingina boshlanishi mumkinligini ta’kidlagan.
Tuman hokimligining javobidan qanoatlanmagan aholi 7-may kuni Prezident Administratsiyasi, Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi, Bosh prokuratura, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, Toshkent shahar hokimligi va boshqa davlat organlariga jamoaviy shikoyat yubordi. Ular murojaatda joyiga chiqib tekshiruv o‘tkazishni, ehtimoliy noqonuniy qurilishning oldini olishni va umumiy foydalanishdagi yashil maydonni saqlab qolishni so‘ragan.
Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasining javobida ushbu manzil bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari kelishilmagani hamda qurilish ishlarini olib borish uchun ruxsatnoma berilmaganini ma’lum qildi. Aholi Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga “Oqqo‘rg‘on” mahallasida yangi mahalla markazi qurish uchun yer uchastkasi ajratish haqidagi Toshkent shahar hokimi qarorini haqiqiy emas deb topish talabi bilan murojaat qildi. Hozirda ish yuzasidan sud muhokamasi davom etmoqda.
“Oqqo‘rg‘on” mahallasi raisi Farhod Mirsultonov Gazeta bilan suhbatda voqeaning boshqacha talqinini bayon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha qurilish haqida gapirishga erta, chunki bugungi kunda faqat yer uchastkasi ajratish to‘g‘risida qaror bor, xolos, loyihaning o‘zi esa hali tasdiqlanmagan. “Toshkent hokimining qarori qurilish haqida emas, yer uchastkasi ajratish bo‘yicha chiqqan. Hozir hech qanday qurilish ketmayapti”, – dedi Mirsultonov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mart oyi o‘rtalarida investor – “Sadiya Ramiz” MCHJ vakillari mahalla qo‘mitasiga yangi, zamonaviy ko‘p qavatli bino qurish taklifi bilan ilk bor kelgan. Taqdim etilgan konsepsiyaga muvofiq, birinchi qavatlarda yangi mahalla qo‘mitasi joylashishi, yuqori qavatlardan esa turar joy sifatida foydalanish rejalashtirilgan. Shuningdek, loyihada do‘kon joylashtirilishi ham ko‘zda tutilgan.
Raisning ta’kidlashicha, mahalla loyihani amalga oshirishga hech qanday rozilik bermagan. Investorga avvalo loyiha, eskizlar va boshqa hujjatlarni taqdim etish, shuningdek, yonida qurilish qilinishi ko‘zda tutilgan uylar aholisining roziligini olish zarurligi darhol aytilgan. “Biz ularga shu zahoti „ha“ yoki „yo‘q“ deb javob bermadik. Loyihani, eskizni, qarorni olib keling, aynan nima qurmoqchi ekaningizni ko‘rsating, dedik. Keyin aholining roziligini olasiz. Shundan keyingina loyihani amalga oshirishni muhokama qilish mumkin, deb aytdik”, – deya hikoya qildi u.
Mirsultonov, shuningdek, mahalla qo‘mitasining hozirgi binosi yaxshi holatdaligini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, qo‘mita bu yerda 1987-yildan buyon faoliyat yuritadi, 2020-yilda esa binoda kosmetik ta’mirlash ishlari olib borilgan. “Biz yangi bino qurishni so‘rab murojaat qilmaganmiz. Bu zamonaviy mahalla markazini qurishni o‘zi taklif qilgan investorning tashabbusi bo‘lgan”, – dedi rais.
Mirsultonovning so‘zlariga ko‘ra, aholi aytayotgan 16-martdagi uchrashuv loyihaning jamoatchilik muhokamasi bo‘lmagan. Uning ta’kidlashicha, o‘shanda mahalla kengashi a’zolari bilan birinchi tanishtiruv yig‘ilishi o‘tkazilgan va unda investor o‘z tashabbusinini taqdim etgan, xolos. O‘sha paytda hali na loyiha, na eskizlar, na boshqa hujjatlar bo‘lgani uchun barcha aholi taklif etilmagan. “Biz investorga aytdik: avval aholi bilan uchrashing, ularning e’tirozi yo‘qligi to‘g‘risida dalolatnoma oling. Har bir uy bo‘yicha odamlarning e’tirozi yo‘qligini tasdiqlovchi kamida 51 foiz imzo to‘planishi kerak. Keyingi safar kelganingizda, biz hammani chaqiramiz va shunda muhokama qilamiz, dedik”, – deya izoh berdi Mirsultonov. Raisning so‘zlariga ko‘ra, bu uchrashuvdan keyin investor vakillari mahalla qo‘mitasiga qayta murojaat qilmagan.
“Sadiya Ramiz” rahbari Xurshida Solihbekovaning Gazetaʼga ma’lum qilishicha, kompaniya qurilish maydonini mustaqil tanlamagan. Uning aytishicha, qurilish joyi Toshkent hokimining namunaviy mahalla markazlari loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi qarori doirasida hamda mahalla vakillarining o‘zi ishtirokida belgilangan. “Bu yer tasodifan tanlanmagan. Uni biz o‘zimiz belgilamaganmiz. U aholi fikrini inobatga olgan holda, mahalla raisi ishtirokida tavsiya etilgan. Bularning barchasi shahar hokimining qarori asosida qilinmoqda, hech kim bunday masalalarni o‘zboshimchalik bilan hal qilmaydi”, – dedi Solihbekova. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyada barcha zarur hujjatlar mavjud, loyiha esa nazarda tutilgan tartib-taomillarni amalga oshirish bosqichida. Uning ta’kidlashicha, mart oyida mahalla vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda hujjatlar muhokama ishtirokchilariga taqdim etilgan. “Bizda barcha hujjatlar bor. Uchrashuv bo‘lib o‘tganida, biz ularni yig‘ilganlarga ko‘rsatganmiz. Loyiha bo‘yicha ishlar belgilangan tartibda ketmoqda”, – dedi kompaniya rahbari.
Aholining qurilish uchun yer uchastkasi noqonuniy ajratilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi vajlariga izoh bergan Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi matbuot kotibi Ma’mur Parmonov Gazetaʼga bugungi kunda tuman hokimliklari yer uchastkalarini mustaqil ravishda ajratish vakolatiga ega emasligini tushuntirdi. “Bugungi kunda tuman hokimi yer ajratmaydi. Agar uchastka auksionga qo‘yilsa, uni 20 ga yaqin tashkilot – kadastr, arxitektura va qurilish boshqarmasi, kommunal xizmatlar va boshqalar onlayn tarzda ko‘rib chiqadi. Agar birorta tashkilot uchastkaning talablarga javob bermasligini aniqlasa (masalan, uning hududidan yirik muhandislik tarmoqlari o‘tgan bo‘lsa yoki u turar joy binolari yoxud bolalar maydonchasiga juda yaqin joylashgan bo‘lsa), u umuman savdoga qo‘yilmaydi va undan qurilish maqsadida foydalanib bo‘lmaydi”, – dedi Parmonov.
7-iyul kuni tahririyat Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi matbuot xizmatiga rasmiy so‘rov yuborib, mahalla markazi qurilishi uchun yer uchastkasi tanlash asoslarini tushuntirishni, aholi bilan kelishuv bo‘lgan-bo‘lmaganini, loyiha qaysi bosqichdaligini va obyektni joylashtirishning muqobil variantlari ko‘rib chiqilgan yoki ko‘rib chiqilmaganini ma’lum qilishni so‘radi. Material e’lon qilingan vaqtda tahririyatga javob kelib tushmadi.

