Mahalliy

Gazeta’ga murojaat: Hokimlik ko‘p yillik mehnatlarim mahsuli bo‘lgan daraxtlarni bir soatda yo‘q qildi

Hokimlik ko‘p qavatli uy hovlilariga daraxt ekishga chorlagandi. 'Nega faqat talab qilasiz-u, o‘zingiz ekmaysiz?' degan ta’nalar ham bo‘lgandi. Ekdik, uch yil parvarishladik. 27-iyul kuni obodonlashtirish xodimlari kelib, barcha nihollarni tubidan chopib tashladi. Nahotki ularga bu yozgi issiq saboq bo‘lmadi?

**Gazeta’ga murojaat: Hokimlik ko‘p yillik mehnatlarim mahsuli bo‘lgan daraxtlarni bir soatda yo‘q qildi**

**Muallif:** Anatoliy Osipov, Toshkent shahri Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasi fuqarosi.

So‘nggi yillarda shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish zarurligi haqida ko‘p gapirilmoqda. Bizga bog‘larni qaytarish, uylar oralig‘idagi maydonlarni yashil hududga aylantirish va’da qilinmoqda. Hokimiyat aholini xonadonlar atrofiga daraxt ekish va ularni sug‘orishga chaqirdi. Hatto Toshkent shahri hokimligi tomonidan “Nega faqat talab qilasizlar? Nega o‘zingiz daraxt ekib, sug‘ormaysizlar?” degan ta’nalarni ham eshitdik.

Mana, ekdik. Uch yil muqaddam, chang bo‘ronidan so‘ng hokimlik ko‘chatlar — qoraqayin, eman, pavlovniya va mevali daraxtlar tarqatgan edi. Men ularni ekib, uch yil davomida parvarish qildim. Kunduzi imkon bo‘lmagani uchun tunlari sug‘ordim. Taglarini yumshatdim, chiroyli va sog‘lom o‘sishi uchun ozoda qilib butadim.

27-iyul, dushanba kuni obodonlashtirish xizmati xodimlari kelib, shuncha vaqtdan beri avaylab o‘stirgan barcha yosh daraxtlarimni tubidan chopib, yo‘q qilib ketishdi. E’tirozlarga quloq solishmadi, hech qanday ruxsatnoma ko‘rsatishmadi. Ekologiya qo‘mitasi bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

Ayting-chi, bu holat fuqarolarni yashil hududlarni ko‘paytirishga qilingan chaqiriqlarga qanchalik mos keladi? Nega hokimlik ko‘p yillik mehnatlarim mahsulini bir soat ichida yo‘qqa chiqardi? Bu daraxtlar kimga xalaqit berayotgan edi? Nihollar ham, shuncha mehnat ham, uch yil davomida ishlatilgan suv ham uvol bo‘ldi-ku. Daraxt kesishga qo‘yilgan moratoriy ham yordam bermadi, uni hatto eslab ham qo‘yishmadi.

Toshkent shahri hokimining “Ekologiyani saqlash kerakligini barcha tushunib yetyapti” nomli intervyusini o‘qiganimizda, shaharni birgalikda yashash uchun qulay makonga aylantiramiz, deb umid qilgandik. Ammo buning butunlay aksini ko‘ryapmiz.

Ushbu yozning anomal issig‘i shahar hokimiyatiga hech qanday saboq bo‘lmadimi? Shaharni barcha imkoniyatlar bilan salqinlatishga harakat qilishimiz kerakligini hali ham kimdir tushunib yetmadimi? Issiqda chiroq tez-tez o‘chib, odamlar aziyat chekdi. Agar har bir xonadon atrofida qalin yashil belbog‘ bo‘lganida, bunday og‘ir ob-havoni o‘tkazish ancha yengil kechardi. Ammo bizni bu imkoniyatdan mahrum qilishmoqda. Nega?

Daraxt kesish jarayoniga rahbarlik qilgan shaxslar. Muallif olgan surat.

Yuzma-yuz uchrashuvda javob berishmaganidan so‘ng, loaqal Gazeta’ga yo‘llagan ushbu maktubimga shahar hokimiyatidan munosabat eshitishga umid qilaman.

Toshkent shahri Ekologiya bosh boshqarmasi Ekopolitsiya voqea joyida bo‘lgani va hozirda surishtiruv olib borilayotganini ma’lum qildi. Uning natijalari bo‘yicha vaziyatga huquqiy baho beriladi. Hozircha bu natijalar e’lon qilinmagan.

tashkentenvironmental protectionlocal governmenttree cuttingurban greeningcitizen complaintecological policymoratorium