Nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga kirish imtihonlarida qo‘shimcha vaqt beriladi

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida belgilangan vaqtga qo‘shimcha ravishda 50 foiz vaqt ajratiladi. Bu haqda Prezidentning 4-avgustdagi qarorida belgilangan.
"Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorga ko‘ra, 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlari, nogironligi bo‘lgan pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy sertifikat olish imtihonlarida Brayl alifbosi, audio va elektron formatdagi imtihon materiallaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Qarorga muvofiq, 2027-yil 1-maydan boshlab alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni vaucher asosida ta’lim olishiga ko‘maklashuvchi zamonaviy assistiv (yordamchi) jihozlar bilan ta’minlash tizimi joriy etiladi.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarida (ixtisoslashtirilgan muassasalar) o‘qitish bolaning individual ta’lim ehtiyojlari, funksional imkoniyatlari va o‘zlashtirish darajasiga mos ravishda ishlab chiqiladigan individual ta’lim rejalari asosida tashkil etiladi.
2026-yil 1-sentyabrdan boshlab korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy o‘rta ta’lim xizmatini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga ushbu sinfda ta’lim oladigan har bir o‘quvchi uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya ajratiladi: Toshkent shahrida BHMning 11 baravari (4 mln 840 ming so‘m), viloyatlar markazi va Nukus shahrida BHMning 9,5 baravari (4 mln 180 ming so‘m), boshqa tuman (shahar)larda BHMning 8,5 baravari (3 mln 740 ming so‘m).
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ta’lim, ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb etish bo‘yicha "oilabay" ishlash tizimi ham joriy etiladi. 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ta’lim ehtiyojlarini aniqlash va ularni davlat ta’lim muassasalariga yo‘naltirish "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari huzuridagi Bolani kompleks baholash guruhlari tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur guruhlar faoliyati 2026-yil 1-oktyabrdan Navoiy va Xorazm viloyatlarida sinov tariqasida yo‘lga qo‘yiladi.
Shavkat Mirziyoyev 3-avgust kuni alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, imtiyozli transport xizmatlarini raqamlashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi. Yuqoridagi o‘zgarishlar ushbu taqdimotda taklif etilgan bo‘lib, davlat rahbari ularni ma’qulladi.

