Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar 2027-yildan vaucher asosida assistiv qurilmalar bilan ta’minlanadi

Prezident tomonidan imzolangan qarorga ko‘ra, 2027-yildan boshlab alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar vaucher tizimi orqali assistiv qurilmalar bilan ta’minlanadi.
Ushbu qaror alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning ta’lim olish huquqini kafolatlash, ularning oilaviy muhitda ta’lim va ijtimoiy xizmatlardan kengroq foydalanishini ta’minlash hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Hujjatga binoan, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ta’lim, ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb etish bo‘yicha “oilabay” ishlash tizimi joriy etiladi. 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ta’lim ehtiyojlarini aniqlash va ularni davlat ta’lim muassasalariga yo‘naltirish “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari qoshidagi Bolani kompleks baholash guruhlari tomonidan amalga oshiriladi. Bu guruhlarning faoliyati 2026-yil 1-oktabrdan Navoiy va Xorazm viloyatlarida sinov tariqasida yo‘lga qo‘yiladi.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni har bir bolaning individual ta’lim ehtiyojlari, funksional imkoniyatlari va o‘zlashtirish darajasiga asoslangan individual ta’lim rejalari asosida tashkil etiladi.
Shuningdek, davlat maktablarida ishlayotgan har bir ko‘zi ojiz pedagog uchun shaxsiy assistent — tarjimon-kotiba shtati ajratiladi. Ruhiy va aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar ta’lim olayotgan maktab va maktab-internatlarning 1–2-sinflariga esa assistent-o‘qituvchi shtati joriy etiladi.
Qarorga muvofiq, korreksion sinflar tashkil etgan nodavlat maktablarga har bir o‘quvchi uchun subsidiya ajratiladi. Ushbu subsidiyaning miqdori Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 11 baravari, viloyatlar markazlari va Nukus shahrida 9,5 baravari, boshqa tuman va shaharlarda esa 8,5 baravarini tashkil etadi.
Bundan tashqari, har yili kamida 50 ta davlat maktabida inklyuziv ta’lim sharoitlarini yaxshilash loyihalari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha “Inklyuziv ta’lim muhiti” granti ajratiladi.
2027/2028-o‘quv yilidan boshlab nogironligi bo‘lgan abituriyentlar oliy ta’limga kirish imtihonlarida, nogironligi bo‘lgan pedagoglar esa attestatsiya va milliy sertifikat imtihonlarida belgilangan vaqt me’yorining 50 foizigacha qo‘shimcha vaqt oladi. Shuningdek, ularga Brayl alifbosi hamda audio va elektron formatdagi imtihon materiallaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalarida maqsadli qabul asosida eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga xorijiy tillarni o‘rgatuvchi mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Shavkat Mirziyoyev 3-avgust kuni alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, imtiyozli transport xizmatlarini raqamlashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarning yashash joyiga yaqin hududda ta’lim olishini ta’minlash maqsadida korreksion sinflar tashkil etgan nodavlat maktablarga har bir o‘quvchi uchun subsidiya ajratish taklif etildi. Bundan tashqari, har yili kamida 50 ta maktabning inklyuziv ta’lim muhitini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari grant asosida moliyalashtiriladi.

