“Nisbiyat”. “Real” va Vinisius o‘rtasidagi ziddiyat haqida

**"Nisbiylik": "Real" va Vinisius o'rtasidagi kelishmovchilik haqida**
Vinisius Junior va "Real" o'rtasidagi so'nggi oylardagi munosabatlar har qanday klubda maosh siyosatining naqadar muhimligini yaqqol ko'rsatib beradi. Bu vaziyatda "Arsenal"ning pozitsiyasi yanada qiziq: londonliklar aynan shu siyosatni rad etayotgani o'ziga xos paradoks. Keling, futbolchi va jamoa o'rtasidagi kelishmovchilik nimadan iborat, "Real"ning pozitsiyasi qanday va Vinisius nima xohlayotganini bir boshdan ko'rib chiqamiz.
Turli manbalarda har xil summalar keltirilgani sababli ma'lumotlar biroz farq qilishi mumkin, ammo tushunarli bo'lishi uchun raqamlardan foydalanish o'rinli. Vinisiusning amaldagi shartnomasi bo'yicha sof maoshi 18 million yevroni tashkil etadi. Florentino Peres yangi shartnoma taklifida bu summani 20 million yevroga ko'tarmoqchi – bu "Real" o'z futbolchisiga to'lashi mumkin bo'lgan maksimal summa. Ya'ni, klub maosh siyosatini qat'iy ushlab turishni va hech qanday yon bosishlarga yo'l qo'ymaslikni maqsad qilgan. Zero, bir futbolchi (Vinisius) uchun istisno qilish, ertaga Jud Bellinghem bilan muzokaralarga xalaqit berishi mumkinligi shubhasiz.
Ammo yana bir istisno borki, Vinisius tomoni aynan shu kelishuvga asoslanib qolgan. E'tibor bersangiz, futbolchining yangi shartnoma bo'yicha kelishmovchiligi ikki yil oldin boshlangan. Ikki yil oldin nima bo'lgandi? Ha, Kilian Mbappening klubga kelib qo'shilishi bilan bog'liq jarayonlar yuz bergandi.
**Foto: Getty Images**
Aynan shunday holatlar nega klublarda transfer siyosati muhim ekanini ochib beradi. Vinisius Junior uchun 20 million va 30 million yevro o'rtasidagi farq qanchalik seziladi deb o'ylaysiz? Ha, 10 million katta farq, lekin summa shu darajada kattaki, bu futbolchining hayotini o'zgartirib yuboradigan farq emas. Bu pullarni Vinisius ushlab ko'rmaydi, sanamaydi, aynan maoshning oshirilishi qandaydir orzusini qoplamaydi, umuman, uning ro'zg'origa bugungi maoshi ham bemalol yetadi-ku? Hamma gap nisbiylikda – futbolchilar uchun maosh ko'pincha uning jamoada qay darajada qadrli ekanining belgisi hisoblanadi. Gap summada emas, sen jamoadoshingdan sezilarli darajada kam pul olayotganingni bilgan kuni savollar bera boshlaysan – nega? Shuning uchun klublar maosh siyosatiga qattiq e'tibor qaratadi, birgina istisno o'z ortidan juda ko'p muammolarni yetaklab kelishini, ertaga boshqa futbolchilarning talabi ham oshib ketishini yaxshi tushunishadi.
Aslida Kilian Mbappening rasmiy maoshi ham Vinisiusning maoshidan katta farq qilmaydi. Kamida ayni damda Vinisiusga taklif qilinayotgan 20 million yevro fransuzning maoshi bilan deyarli teng. Unda muammo nimada?
Gap shundaki, Kilian Mbappe "PSJ" bilan shartnomasini uzaytirmay, erkin agent sifatida "Real"ga o'tgani uchun unga taxminan 100 million yevrolik bonus va'da qilingan. O'zbekchasiga aytganda, "ko'tarma puli" – bu sxema o'zbek klublarida ko'p ishlaydi. Aynan shu pul Mbappega bir martalik emas, har yili maoshiga qo'shib beriladi. Bir yilga 20 million o'sha bonus qo'shilsa, demak, har hafta Kilian Mbappe Vinisiusdan ikki barobar ko'p daromad olayotgan bo'lib chiqadi. Oqibatda Vinisius o'tirib o'ylaydi: "Men necha yildan beri "Real"ning yetakchi futbolchisiman, ikki marta Chempionlar Ligasida g'alaba qozonishga, Ispaniya chempionligiga hissa qo'shdim, hozir ham Kiliandan kam o'ynamayapman, nega undan ikki barobar kam olishim kerak?"
**Foto: Getty Images**
Qaytaraman, gap summada emas, agar Mbappe hozir 15 million olayotgan bo'lganida, Vinisius ham o'sha summaga rozi bo'lardi, menimcha.
Braziliyalik futbolchining amaldagi shartnomasi 2027-yilda yakuniga yetadi. Ya'ni agar shu mavsumda yangilanmasa, qishga borib ham Vinisius erkin agent sifatida boshqa klublar bilan muzokaralarni boshlashi, ya'ni tekinga Madridni tark etishi mumkin. Shuning uchun Vinisius va "Real" o'rtasida qisqacha mana shu ko'rinishda dialog ketmoqda:
**Vinisius:** Menga 20 million yevro emas, 30 million yevro, ya'ni Kilian Mbappe darajasidagi maosh berishingizni istayman.
**"Real":** Bunday maosh klubda bo'lishi mumkin emas. Maksimum 20 million bera olamiz. Mbappega kelsak, unga berilayotgan ortiqcha pullar maosh emas, erkin agent sifatida qo'shilgani uchun bonus.
**Vinisius:** Unda menga ham yangi shartnoma tuzganim uchun shunday bonus beringlar.
**"Real":** Buning iloji yo'q. Bu bonus Mbappe erkin agent sifatida bizni tanlagani uchun belgilangan. Shundoq ham amalda shartnomasi bo'lgan futbolchiga bunday bonus berish ko'zda tutilmagan.
**Vinisius:** Men shartnomani rad etsam, baribir o'rnimga yangi futbolchi sotib olish uchun shuncha summani sarflab yuborasizlar-ku? O'sha pulni menga berib, yangi shartnoma tuzish mantiqli emasmi?
**"Real":** Bunday harakat moliyaviy tomondan mantiqli bo'lsa-da, keyingi jarayonlarga ta'sir qiladi. Boshqa futbolchilar ham ertaga yangi shartnoma tuzish oldidan xuddi shunday talablarni qo'ya boshlaydi, klubning maoshlar siyosatiga putur yetadi. Senga transfer oynasi yakunlanguncha muhlat – yoki taklif qilinayotgan shartnomaga ko'nasan, yoki seni sotib yuboramiz.
**Vinisius:** Mening roziligimsiz sotib yubora olmaysizlar. Agar mos yangi jamoa chiqmasa, yana bir yil qolib, erkin agent sifatida men ham boshqa klublardan bonus olib yoki kattaroq maosh evaziga ketaman.
**"Real":** Bemalol. Lekin bilib qo'y, yangi shartnomasiz mavsumni boshlasang, senga yetarlicha o'yin vaqti bermasligimiz mumkin. (Zaxirada chiriysan)
Albatta, Vinisiusni harakatga keltirayotgan takliflardan biri Saudiya Arabistonidan – ba'zi manbalarga ko'ra, arablar futbolchiga besh yilga bir milliardlik maosh taklif qilishmoqda. Bu "Real" taklif qilayotgan maoshdan bir necha barobar ko'p. Tabiiyki, Vinisiusning Saudiyaga o'tishga rozi bo'lishi "Real" uchun ham ideal yakun – axir saudiyaliklar "Real"ga ham juda katta transfer summasini to'lab beradi. Lekin bunday kelishuv 26 yoshli Vinisiusning Yevropadagi faoliyatiga nuqta deganidir va futbolchi bunga rozi bo'lmasa kerak. Aytdim-ku, summalar futbolchilarning qarorlarida unchalik ahamiyatga ega emas, hammasi nisbiy.
**Foto: Getty Images**
Yana bir realroq variant Angliyadan paydo bo'ldi. "Arsenal"ning qiziqishi haqida hatto ishonchli insayder Devid Ornshteyn ham yozdi. London klubining qiziqishi "Real" talab qiladigan narxdan tashqari, Vinisiusning ishtahasini ham qondirishi kerakligini anglatadi. Agar "Arsenal" futbolchi "Real"dan talab qilayotgan maoshga rozi bo'lsa, bu hatto APL darajasida ham eng yuqori summalardan biriga aylanadi. Faqat Erling Xoland "Manchester Siti"da haftasiga 525 ming funt oladi, Vinisiusning haftalik maoshi esa 500 ming funtni tashkil qiladi. "Arsenal"dagi bugungi maoshlar esa quyidagichadir:
Ko'rib turganingizdek, Vinisiusning talabini qondirish "Arsenal" uchun ham maosh siyosatini buzish deganidir. "Real" misolida guvoh bo'lganimizdek, bu London klubi uchun ham xavfli, shuning uchun Vinisiusga bo'lgan qiziqish men uchun biroz tushunarsiz. Albatta, Angliyada nihoyat chempionlikka erishgan klub keyingi qadamlarni tashlashga, eng katta yulduzlarni olib kelib o'ynatishga haqli. O'yin va tizim borasida ham Vinisiusning "Arsenal"ga kelib qo'shilishi ancha foydali ekani haqida turli tahliliy materiallarni ham o'qidim. Bu borada muammo yo'q, Vinisius "Arsenal"ni shubhasiz ancha kuchaytiradi. Ammo bunday katta maosh bugun soatdek ishlab kelayotgan Arteta tizimiga putur yetkazmaydimi?
Tasavvur qiling, ertaga Deklan Raysning ham shartnoma muddati yakuniga yaqinlashadi va unga "Mana senga yana besh yillik taklif, sen Vinisiusdan ikki barobar kamroq olasan", deyish mumkin bo'ladimi? Vinisius birdaniga, kutilmaganda, "Arsenal" uchun Messi, Ronaldu yoki Xolandga aylanib qolsa, tushunarli, lekin shunchaki, o'z o'yini bilan yetakchilar qatorida davom etsa, Bukayo Sakada ham e'tirozlar paydo bo'lmaydimi? Gabrielda-chi? Ya'ni mana shu transfer, undan keladigan samara turli risklarni oqlaydimi? Yoki yuqorida aytganimizdek, hammasi nisbiy, "Arsenal" Vinisiusga "Klubdagi eng katta maosh seniki bo'ladi", deb, aslida "Real"dan ko'ra ancha kamroq summaga ham uni rozi qila olarmikin?
Shunchaki, "Real" va Vinisiusning talabini qondirib, katta summaga bu transferni amalga oshirish "Arsenal"ning imzosiga hech o'xshamayapti. Ishonish qiyin. Lekin bunday yurishdan mantiq nimada? "Arsenal"ning taklifi hech qanday salbiy oqibatlarsiz, mantiqli tus olishi mumkin bo'lgan ssenariylar ham bor.
Birinchisi, "Arsenal" "Real"ga so'ragan transfer summasini, shuningdek, Vinisiusga ham bir martalik bonusni to'laydi, yillik maosh esa "Arsenal"ning ichki siyosatiga mos ravishda kamroq qilib belgilanishi mumkin. Umumiy summa sifatida talab qoplanishi, shuningdek, Vinining "Arsenal"da ham eng katta maoshlardan biriga ega bo'lishi futbolchini bemalol qoniqtirsa kerak.
Ikkinchisi, bu yoz transfer sodir bo'lmaydi, Vinisius esa "Real" bilan kelishuvni uzaytirmaydi. Tabiiyki, bunday variantda "Arsenal" kelasi yozda Vinisiusga asosiy da'vogarlardan biriga aylanadi. Muzokaralarning sal keyingi bosqichlariga yetib borgan "Arsenal" kelasi yilda top-futbolchini tekinga qo'lga kiritishi mumkin.

