Sport

Vinisius “Real”dan 80 mln yevro talab qildi — insayder

Vinisius "Real"dan 80 million yevro bonus talab qilmoqda — insayder

Madridning "Real" klubi yetakchi futbolchilaridan biri Vinisius Juniorning jamoada qolishi borasidagi vaziyat noaniqligicha qolmoqda. Bu holat braziliyalik hujumchining klub rahbariyatidan yangi shartnoma uchun juda katta miqdorda mablag‘ talab qilayotgani bilan bog‘liq.

Jurnalist Pepe Alvaresning xabar berishicha, futbolchi "qaymoqranglilar" bilan yangi kelishuv imzolash uchun o‘ziga xos shart qo‘ygan: u shartnomani uzaytirgani uchun naqd 80 million yevro miqdorida bonus to‘lanishini talab qilmoqda.

Bundan tashqari, Vinisius o‘z imij huquqlaridan tushadigan daromad ulushini ham sezilarli darajada oshirishni maqsad qilgan. Hozirda u o‘z tasviri va nomidan foydalanish huquqining 50 foiziga egalik qiladi. Braziliyalik yulduz esa yangi shartnomada bu ko‘rsatkichni 80 foizga ko‘tarishni istamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Vinisius 2018-yilda Braziliyaning "Flamengo" klubidan 45 million yevro evaziga "Real"ga o‘tgan edi. Uning Madrid jamoasi bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilning 30-iyuniga qadar mo‘ljallangan. Yakunlangan 2025/2026-yilgi mavsumda hujumchi barcha musobaqalarda jami 53 ta o‘yinda maydonga tushib, 22 ta gol urdi va 14 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali hozirda braziliyalik futbolchining transfer qiymatini 140 million yevroga baholamoqda.

Avvalroq Vinisius Juniorga Londonning "Arsenal" klubi jiddiy qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

real madridfootball transfervinicius juniorcontract negotiationsarsenal interesttransfer bonusimage rightsplayer demands