Netanyaxuning o‘lgan akasiga Ugandada haykal qo‘yildi

Ugandada Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning 1976-yilda samolyotdagi garovga olinganlarni qutqarish operatsiyasi chog‘ida halok bo‘lgan akasi Yonatan Netanyaxuga haykal o‘rnatildi. Bu haqda ABC News xabar berdi.

Yodgorlikning ochilish marosimi 1-avgust kuni Uganda qurolli kuchlari rahbari general Muxoozi Kainerugaba boshchiligida bo‘lib o‘tdi. Haykalda Yonatan Netanyaxu avtomat ushlab turgan holatda tasvirlangan. Kainerugaba ushbu haykalni "askarning jasoratiga hurmat bajo keltirish" maqsadida buyurtma qilganini ma’lum qildi. Marosimda isroilliklar, jumladan, Ugandada faoliyat yurituvchi tadbirkor Barak Orland ham ishtirok etdi.

Kainerugaba Uganda prezidenti Yoveri Musevenining to‘ng‘ich farzandi va uning ehtimoliy vorisi hisoblanadi. Haykal Entebbe shahridagi aeroport terminali tashqarisida joylashgan. Aynan shu yerda podpolkovnik Yonatan Netanyaxu Air France samolyotida garovga olingan 106 nafar yo‘lovchini qutqarish missiyasida Isroil maxsus kuchlariga boshchilik qilayotganida o‘q tegishi oqibatida halok bo‘lgan edi.

To‘rt nafar shaxs samolyotni olib qochib, o‘nlab isroillik yo‘lovchilarni boshqalardan ajratib olgan va agar Isroil o‘nlab falastinlik mahbuslarni ozod qilmasa, ularni o‘ldirish bilan tahdid qilgan edi.

Maxsus kuchlar 1976-yil 3-iyul kuni aeroportga bostirib kirgan. Otishma chog‘ida halok bo‘lgan uch kishidan tashqari barcha garovdagilar qutqarilgan. Bir soatdan kamroq vaqt davom etgan operatsiyada o‘nlab Uganda harbiylari ham halok bo‘lgan. O‘sha paytda Isroil bilan aloqalarni uzgan Uganda prezidenti Idi Amin Falastin mustaqilligi tarafdori bo‘lgan. Amaldagi prezident Yoveri Museveni ham Isroil—Falastin nizosini hal etishda "ikki davlat" yechimini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

israelugandayonatan netanyahustatueentebbe raidhostage rescuemusevenikainerugaba