“Netanyaxuning rafiqasi va o‘g‘li uydagi xizmatchilarga jismoniy kuch ishlatgan” — jabrlanuvchi

"Netanyaxuning rafiqasi va o‘g‘li uy xizmatchilariga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan" — jabrlanuvchi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning rasmiy qarorgohida faoliyat yuritgan sobiq xodim hukumat rahbari oilasiga qarshi jiddiy ayblovlar bilan chiqdi. Bu haqda The Times of Israel nashri xabar berdi.
Shaxsini oshkor etmaslikni so‘ragan va "Y" initsiali bilan ko‘rsatma bergan sobiq xodimning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazirning rafiqasi Sara Netanyaxu xodimlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan, ularni muntazam ravishda kamsitgan va irqchilik munosabatida bo‘lgan. Xususan, Sara Netanyaxu xorijlik ishchilar va sharqiy kelib chiqishga ega yahudiylarga (mizraxi) ikkinchi darajali shaxslardek qaragan. U tozalash ishlari sifatsiz bajarilganini bahona qilib, xodimni uch marta itarib yuborgan.
Xabarda aytilishicha, "Sobiq xodim autizmning og‘ir shakliga ega o‘g‘lini tarbiyalayotganini aytganida, Sara Netanyaxu uni haqorat qilib, o‘zini mamlakatning bosh psixologi deb atagan va xodimning o‘zi autizmdan aziyat chekayotganini taʼkidlagan".
Afrikadan kelgan boshqa bir xodim ham doimiy tahqirlashlarga duchor bo‘lgan. Sara Netanyaxu uni binoga har safar kirganida to‘liq yechinishga va maxsus kiyim kiyishga majbur qilgan. Bundan tashqari, unga hatto suv ichish uchun ham tanaffus berilmagani aytilmoqda.
Guvoh Sara Netanyaxuni tozalikka haddan tashqari berilgan, injiq va keraksiz buyumlarni yig‘ishga moyil shaxs sifatida taʼriflagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sara Netanyaxuning 400 juftga yaqin poyabzali bo‘lib, ularni alohida tozalash talab etilgan. Hatto bosh vazir Binyamin Netanyaxu aralashishga uringanida ham, Sara unga aralashmaslikni aytgan va turmush o‘rtog‘iga qachon, qaysi kanalda chiqish qilishigacha belgilab bergan.
Y. qarorgoh pollarini bolalar uchun mo‘ljallangan nam salfetkalar bilan yuvishga majbur bo‘lganini va gilamlar ustida yurishiga ruxsat berilmaganini aytdi. Shuningdek, Netanyaxuning rafiqasi yuvish paytida tushib ketib, sinishi mumkin bo‘lgan har qanday piyola yoki stakan uchun Y.ning o‘zi haq to‘lashini talab qilgan.
Jabrlanuvchi nafaqat bosh vazirning rafiqasini, balki ularning o‘g‘li Yair Netanyaxuni ham jismoniy zo‘ravonlikda ayblamoqda. Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, Yair yuvilmagan choyshabdan noroziligini bildirib, uni itarib yuborgan. Yair Netanyaxuning o‘zi esa ushbu ayblovlarni rad etib, ularni "tovlamachilik maqsadidagi fitna" deb atagan.
Shuningdek, qarorgoh xodimlari mehnat mezonlariga zid ravishda uzoq vaqt ishlashga majbur qilingan. Guvoh birgina oktyabr oyida 169 soat, noyabrda esa 143 soat smenadan tashqari ishlaganini maʼlum qildi. Isroil bosh vaziri ofisi ushbu ayblovlarni "asossiz" deb atadi hamda sobiq xodim o‘z vazifalarini bajarmagani uchun ishdan bo‘shatilganini bildirdi.

