Navoiyda 2 kilogramm opiy bilan ketayotgan xorijlik ushlandi
Navoiy viloyatining Konimex tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qozog‘iston fuqarosidan 2 kilogramm 87 gramm opiy musodara qilindi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u giyohvandlik vositasini narkokurerlar tomonidan yashirib qoldirilgan xufiya joydan olib ketayotgan bo‘lgan.

Navoiyda 2 kilogrammdan ortiq opiy bilan ketayotgan xorijlik qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona idoralari xodimlari Navoiy viloyatida hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir natijasida katta miqdordagi giyohvand modda musodara qilindi.
Xabarga ko‘ra, Konimex tumani hududida harakatlanayotgan Cobalt rusumli avtomashina to‘xtatilib, tekshirilgan. Tekshiruv davomida avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 2002-yilda tug‘ilgan Qozog‘iston fuqarosiga tegishli sellofan paketdan 2 kilogramm 87 gramm "opiy" giyohvandlik vositasi topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu giyohvand modda avvalroq narkokurerlar tomonidan qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilib, yashirin joyga berkitilgan. Qozog‘iston fuqarosi esa uni aynan shu yerdan olib ketayotgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolardan giyohvandlik vositalari muomalasi va boshqa qonunbuzilish holatlari haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishlarini so‘radi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, murojaat etuvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

